Kerak bo‘lsa, bosimni oshiramiz – AQSH Rossiyani bundan battar sanksiyalar kutayotganini ochiqladi

Olam

image

AQSH ma’muriyati Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirish va yangi sanksiyalar qo‘llash imkoniyatiga ega, rasmiylar cheklovlar uchun potensial maqsadlarni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda bugun, 13 iyul kuni Davlat kotibining iqtisodiy va biznes masalalari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Erik Vudxaus Vashingtonda xorijiy matbuot uchun o‘tkazilgan brifingda so‘z ochdi. 

“Biz kelajakda mumkin bo‘lgan sanksiyalar haqida izoh bermaymiz. Aytishim mumkinki, biz doimiy ravishda qo‘shimcha maqsadlarni aniqlaymiz va baholaymiz va natijada biz sheriklar va ittifoqchilar bilan birgalikda ushbu maqsadlarni belgilashda davom etamiz, Rossiyaga va rus urush mashinasini qo‘llab-quvvatlovchilarga iqtisodiy bosimni kuchaytiramiz”, deydi diplomat. 

Uning qayd etishicha, AQSHda Rossiyaga bosimni kuchaytirish uchun katta imkoniyatlar bor, biroq Qo‘shma Shtatlar bundan hali foydalanmayapti. Agar voqealar rivoji bunga zarurat tuqdirsa, bu masalani Qo‘shma Shtatlar buni hamkorlari va ittifoqchilari bilan ko‘rib chiqadi.

Brifingda ishtirok etgan Davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Molli Montgomerining so‘zlariga ko‘ra, Vashington yangi maqsadlarga nisbatan cheklovlar joriy etishda va sanksiyalarni chetlab o‘tishning mumkin bo‘lgan holatlarini kuzatib borishda davom etadi.

AQSH, uning ittifoqchilari va hamkorlarining sanksiyalar ro‘yxatidagi farqlarni izohlar ekan, Vudxaus shunday tushuntirdi:  

“Biz sheriklar va ittifoqchilar bilan birgalikdagi harakatlar ustida ishlaymiz, ba’zida maqsadlar ro‘yxatiga juda mos keladigan ko‘rinishda harakat qilishimiz mumkin. Boshqa hollarda, ro‘yxatlar farq qiladi. O‘ylaymanki, Rossiyaga nisbatan hozirda mavjud bo‘lgan sanksiyalar dasturida Atlantikaning har ikki tomonida ko‘zda tutilayotgan aniq maqsadlarda farqlar bo‘ladi. Bu turli sabablarga ko‘ra sodir bo‘ladi, jumladan, hukumatlarning ishlash usuli, cheklovlar uchun maqsadlarni qanday belgilashimiz va bu qarorlar asosidagi turli siyosiy hisob-kitoblar”. 

Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar "vaqt o‘tishi bilan bu bo‘shliqlarni yopish" uchun ittifoqchi va hamkorlarining sanksiyalar ro‘yxatidagi farqlarga e’tibor qaratmoqda. 

“Qo‘shma Shtatlar Ukraina bilan, shuningdek, Ukrainani qancha talab qilsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaydigan Yevropa va undan tashqaridagi hamkorlarimiz bilan birlashgan front sifatida harakat qilishda davom etadi”, deydi Montgomeri. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing