Kaxovka GESini tiklash qanchaga tushadi?
Olam
−
08 iyun 2023
10557Kaxovka GES o‘rnida yangi stansiya qurish uchun kamida besh yil vaqt va bir milliard grivna (27 million dollar) kerak bo‘ladi. Bu haqda “Ukrgidroenergo” rahbari Igor Sirota ma’lum qildi.
“Yangi stansiya qurish uchun 24/7 rejimida ishlaganda kamida 5 yil kerak. Vayronagarchilikning to‘liq ko‘lamini haligacha bilmaymiz. Nafaqat stansiya, balki o‘tish joylari, suv ta’minoti, gaz ta’minoti ham zarar ko‘rgan. Bu murakkab gidroelektr majmuasini tuzatish vaqt talab etadi”, degan Sirota.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilish urush tugaganidan keyin boshlanishi mumkin, hozir esa buzilgan to‘g‘onni qayta berkitib, aholi, qishloq xo‘jaligi va sanoatni suv bilan ta’minlash zarur.
Sirotaning qo‘shimcha qilishicha, “Ukrgidroenergo” xodimlari okkupatsiyadan keyin Kaxovka suv omborini imkon qadar tezroq to‘ldirish uchun suv omborlarining yuqori qismiga suv g‘amlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 6 iyun kuni ertalab Ukrainaning vaqtinchalik Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi to‘g‘on portlashi oqibatida vayron bo‘lgandi. Buning oqibatida aholi yashash punktlari suv ostida qoldi va Xerson viloyatida favqulodda holat joriy qilindi. BMT Xavfsizlik kengashi ham mazkur masalani ko‘rib chiqdi. Kiyev va Moskva stansiyadagi portlashda bir-birini aybladi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Kaxovka GESi vayron qilinishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. NATO, Yevropa Kengashi va Germaniya esa portlashda Rossiyaning qo‘li borligini aytdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa Ukraina GESga hujum qilishni reja qilganini oldindan bilganini bildirdi.
LiveBarchasi