Kaxovka GESi portlashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 18 kishiga yetdi

Olam

image

Kaxovka GESining vayron bo‘lishi oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 18 kishiga yetdi, qutqaruv operatsiyasi boshlanganidan beri 7,5 mingdan ortiq odam suv toshqini zonasidan evakuatsiya qilindi. Bu haqda Xerson viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Vladimir Saldo o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

“Afsuski, suv toshqini qurbonlari soni 18 kishiga yetdi. 93 kishi kasalxonaga yotqizilgan. Qutqaruvchilar kun davomida 277 nafar aholini, operatsiya boshlanganidan beri jami 7,5 mingdan ortiq aholini olib chiqdi”, deb yozadi Saldo.

Nashrda qayd etilganidek, suv sathi pasayishda davom etmoqda. Viloyat ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, pasayish Aleshkida 0,1 metr, Golaya Pristanda 0,25 metrni tashkil etadi. Novaya Kaxovka hududida suv ombori yaqinligi sababli suv sathi taxminan besh metrni tashkil qiladi. Ammo shahar tumani hududida, ta’kidlanganidek, barcha uylar toshqindan butunlay ozod qilingan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 6 iyun kuni ertalab Ukrainaning vaqtinchalik Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi to‘g‘on portlashi oqibatida vayron bo‘lgandi. Buning oqibatida aholi yashash punktlari suv ostida qoldi va Xerson viloyatida favqulodda holat joriy qilindi. BMT Xavfsizlik kengashi ham mazkur masalani ko‘rib chiqdi. Kiyev va Moskva stansiyadagi portlashda bir-birini aybladi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Kaxovka GESi vayron qilinishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

NATO, Yevropa Kengashi va Germaniya esa portlashda Rossiyaning qo‘li borligini aytdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa Ukraina GESga hujum qilishni reja qilganini oldindan bilganini bildirdi. Kaxovka GESi o‘rnida yangi stansiya qurish uchun kamida besh yil vaqt va bir milliard grivna (27 million dollar) kerak bo‘lishi ma’lum qilindi. 7 iyun kuni esa Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT va Qizil Xochning Kaxovka GESidagi favqulodda holatga munosabatidan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.

Avvalroq, Kaxovka GESi to‘g‘onining vayron bo‘lishi sababli Ukrainaning 700 ming aholisi ichimlik suvi tanqisligiga duch kelishi mumkinligi aytilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Kaxovka GES

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made