Qo‘shnilarni hurmat qilish kerak – Ruhoniy Baku va Yerevanni ogohlantirdi
Olam
−
07 Oktabr 2020
7898Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Ozarbayjon va Armaniston Qurolli Kuchlari o‘rtasidagi jangovar harakatlardan xavotir bildirdi.
Eron Vazirlar Mahkamasining Tehrondagi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha jurnalistlar bilan suhbatda Prezident Baku va Yerevan o‘rtasidagi qarama-qarshilik keng miqyosli mintaqaviy mojaroga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.
Eron Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon Prezidenti va Armaniston Bosh vaziri bilan telefon orqali muloqotlar chog‘ida u suhbatdoshlarning e’tiborini Eron hududining provokatsion o‘qqa tutilishiga qaratgan.
“Bizning mintaqa juda sezgir va muhim ahamiyatga ega. Shahar va qishloqlarning xavfsizligini ta’minlash kerak. Qorabog‘dagi urush bizning chegaralarimizda olib borilmoqda. Snaryadlar bizning hududimizda ham portlamoqda, buni qabul qilish mumkin emas”, deydi Ruhoniy.
Unga ko‘ra, mojaro ishtirokchilari boshqa davlatlarning hududiy yaxlitligi va huquqlarini hurmat qilishi kerak.
“Urush bu yechim emas, siyosiy muloqotni boshlash kerak. Barcha mamlakatlar o‘z qo‘shnilarining huquqlarini hurmat qilishlari lozim, bu ishg‘olga yo‘l qo‘yilmaydi. Tinchlik hamma narsadan ustundir”, deydi Ruhoniy.
Eron Prezidenti Baku va Yerevanni harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi:
“Biz yana bir bor Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini ta’minlash muhimligini ta’kidlaymiz, Ozarbayjon xalqining huquqlari hurmat qilinishi kerak. Shu bilan birga, mojaroni urush va qon to‘kish yo‘li bilan hal qilib bo‘lmaydi.Biz muqobil yo‘lni topishimiz kerak”.
Eslatib o‘tamiz, kecha Eron Mudofaa vaziri Amir Xotami Ozarbayjon va Armanistonni biror snaryad o‘z hududiga tushsa, oddiy ogohlantirishdan ko‘ra jiddiyroq chora ko‘rilishini aytib chiqqandi.
Kecha, 5 oktyabr kuni “Tasnim” agentligi Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy to‘qnashuvlar vaqtida uchirilgan bir qancha snaryad Eron hududiga tushganini ma’lum qilgandi. Snaryad chegara hududidagi Xoda-Afarin aholi punkti yaqiniga tushgan va natijada 6 yashar bola jabrlangan. Shuningdek, bir qancha uy va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga zarar yetgan.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
LiveBarchasi