“Qurollaringizni tashlang”. Putin Ukraina harbiylariga murojaat qildi
Olam
−
24 fevral 2022
21423Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina harbiylariga murojaat qilib, ulardan qurollarini tashlashni so‘radi. Shuningdek, Ukraina sharqida rossiyaparast separatistlar nazoratidagi Donetsk va Lugansk xalq respublikalari rahbarlari Moskvadan yordam so‘ragani uchun Donbassga (Ukraina) qo‘shin kiritganini ma’lum qildi.
“Harbiy operatsiyaning maqsadi sakkiz yil davomida genotsidga uchragan odamlarni himoya qilishdir. Biz Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilishga intilamiz. NATO ukrainalik neonatsistlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bizning harakatlarimiz tahdidlardan o‘zimizni himoya qilishdir. Rossiyaning rejalari Ukraina hududlarini bosib olishni o‘z ichiga olmaydi, biz hech kimga kuch bilan hech narsani yuklamaymiz”, degan Putin.
Shuningdek, u siyosati erkinlikka asoslanganini ta’kidlagan hamda ukrain harbiylarini qurollarini tashlashga va kurashmaslikka chaqirgan.
“Ukraina harbiy xizmatchilariga murojaat qilmoqchiman: otalarimiz, bobolarimiz bugungi kunda xalqqa qarshi xuntaga xizmat qilish uchun natsizmga qarshi kurashmagan. Qurollaringizni tashlang va siz to‘siqsiz uyingizga qaytishingiz mumkin. Qon to‘kilishi uchun barcha javobgarlik Kiyev rejimiga yuklanadi”, degan Putin.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.