Quddusdagi vaziyat: Al-Aqso masjidi ichida bombalar portlatildi (video)
Olam
−
11 may 2021
13956Joriy yilning 7 mayidan beri Quddus shahrida falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi ichida granatalar otilib, kuchli otishma yuz bergani aks etgan videolar tarqaldi.
Ma’lum qilinishicha, G‘azo sektorida Isroil armiyasi zarbalarining qurbonlari soni 24 kishiga oshgan, 103 kishi yaralangan.
G‘azo Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, bugun, 11 may kuni ertalab G‘azo sektori g‘arbidagi turar-joy binosi vayronalari ostidan yana uch nafar falastinlikning jasadi topilgan.
O‘lganlar orasida 9 nafar bolalar va o‘spirinlar ham bor.
Isroil armiyasi bloklangan anklavda – G‘azo sektorida faoliyat yuritayotgan falastinlik guruhlarga qarshi “Devor himoyachisi” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Falastin anklavining janubi raketa zarbalariga uchragan.
Eslatib o‘tamiz, 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan odamlar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi. Oqibatda 300 dan ortiq falastinlik jarohatlangan.
Ushbu voqea yuzasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an islomiy mamlakatlar va butun dunyo jamoatchiligini okkupatsiya qilingan Sharqiy Quddusdagi falastinliklarni o‘z uylaridan zo‘rlik bilan chiqarib yuborayotgan Isroilning agressiv harakatlariga nisbatan samarali qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi. Keyinroq Erdo‘g‘an Isroilning harakatlarini “terror“, deb baholadi.
Turkiya Prezidentidan so‘ng, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.
Bungacha BMT Isroilni har qanday hujumlarni bekor qilish va namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaslikka chaqirgan bo‘lsa, AQSH vaziyatning keskinlashganidan qattiq xavotirda ekanini ma’lum qilgan.
O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri dunyo OAVni voqealar rivojini noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblab, mamlakat politsiyasining zo‘ravonliklarini qo‘llab-quvvatlagan edi.
LiveBarchasi