Qrim ko‘prigidagi portlash qurbonlari haqida ma’lumot berildi

Olam

image

Rossiyani Qrim bilan bog‘lovchi Kerch ko‘prigida yuk mashinasining portlashi natijasida uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Tergov qo‘mitasi dastlabki tergov natijalariga asosan ma’lum qildi.

“Bular, taxminan, portlatilgan yuk mashinasi yonida bo‘lgan avtomobil yo‘lovchilari. Hozirda ikki halok bo‘lgan erkak va ayolning jasadi allaqachon suvdan chiqarilgan, ularning shaxsi aniqlanmoqda”, deyiladi agentlik xabarida.

Ma’lum bo‘lishicha, hujjatlarga ko‘ra, furgon kubanlik fuqaroga tegishli bo‘lgan. Tergovchilar uning harakatlanish yo‘nalishini o‘rganmoqda, yashash joyida ham qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 oktyabr kuni Qrim ko‘prigida portlash yuz berdi va natijada poyezd sisternasida yong‘in chiqdi. Rossiya huquq-tartibot idoralari ko‘prikda yuk mashinasi portlatilganini ma’lum qildi. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

Hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoiy ish ochdi.

Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak hodisaga munosabat bildirib, bu boshlanishi ekanini, noqonuniy qurilgan barcha narsa yo‘q qilinishini ta’kidladi.

Prezident Vladimir Putin buyrug‘i bilan hodisani o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tuzildi.

Qrim ko‘prigi Rossiyadagi eng uzun ko‘prik bo‘lib, uning uzunligi 19 kilometrni tashkil qiladi. Avtomobil qismi 2018 yil may oyida foydalanishga topshirilgan. 2019 yil dekabr oyida esa uning temir yo‘l qismi bo‘ylab birinchi poyezdlar harakatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qrim ko'prigi

Baholaganlar

578

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing