Motamdagi Rossiyada portlashlar tugamayapti, Sibir o‘zbeklar yurti degan deputat quvildi, O‘zbekistonda oyliklar oshdi, davlat qarzi ham oshishda davom etyapti – Midweek

Tahlil

Rossiya ortda qolgan kunlar davomida portlashlar ichida qoldi. Eng muhim samolyotlarining katta qismidan ayrilgan ruslar buni hazm qilib ulgurmasdan UXX Qrim ko‘prigini ham shikastladi.

“Sibir o‘zbeklarning tarixiy yeri” degan deputat Kommunistik partiyadan chetlatildi. U Rossiyani tark etgan bo‘lishi ham mumkin.

Qozog‘iston rasmiysi kartoshka narxining oshishida O‘zbekistonni aybladi. Putin va Lukashenko esa anchadan beri bu muammo atrofida o‘ralashib yuribdi.

O‘zbekistonda oyliklar oshdi, ammo bu borada qo‘shnisi Qozog‘istondan hali ham ancha ortda. Tashqi qarz 35 milliard dollardan oshgan bo‘lsa-da, Iqtisodiyot va moliya vaziri ushbu raqam mo‘’tadil ekanini aytyapti. 

Joriy hafta o‘rtasigacha sodir bo‘lgan yuqoridagi kabi voqealar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’ning Midweek dasturi.

Motam va Qrim ko‘prigining portlashi – Ukraina Rossiyada nimalar qilyapti?

1 iyun kuni Rossiya xavfsizlik tizimi Ukrainaning shu tuzilmasi tomonidan “uxlatib” qo‘yilgan paytda dunyoni hayratga solgan operatsiya hali ham muhokamalardan tushgani yo‘q. Bu bilan deyarli bir vaqtda sodir bo‘lgan Rossiyadagi 2 ta temiryo‘l bilan bog‘liq halokatli hodisalarda ham Ukraina izi borligiga ishora qilindi. Mazkur voqeliklar hali sovib ulgurmasdan UXX yana katta sahnaga chiqdi va Qrim ko‘prigini portlatdi. Havodan, yerdan, suvostidan, xullas har tomondan jiddiy tarzda qo‘riqlanadigan Qrim ko‘prigi so‘nggi 3 yil ichida Ukraina tomonidan 3-marotaba shikastlantirilmoqda. Bryansk viloyatida poyezd halokati tufayli 2 iyundan 4 iyungacha uch kunlik motam tugamasdan, Ukraina xavfsizlik xizmati endi Qrim ko‘prigidagi portlashni ham amalga oshirdi. 

Ma’lum bo‘lishicha, bu reja ustida ham bir necha oy ishlangan. Tongi soat beshlarga yaqin trotil ekvivalentidagi 1100 kg portlovchi moddalar yordamida ko‘prikning suvostidagi tayanchi shikastlantirilgan.

Qayd etilishicha, UXX boshlig‘i general-leytenant Vasil Malyuk operatsiyani shaxsan nazorat qilgan va uni rejalashtirishni muvofiqlashtirgan. Unga ko‘ra, 2022 va 2023 yillarda Ukraina maxfiy xizmatlari Qrim ko‘prigiga ikki marta borgan, bu safar esa ular shu an’anani suv ostidan turib davom ettirgan. UXX rahbarining so‘zlariga ko‘ra, “Qrim ko‘prigi Kiyev uchun “mutlaqo qonuniy nishon”dir, chunki Rossiya Federatsiyasi undan “o‘z qo‘shinlarini ta’minlash uchun logistika arteriyasi” sifatida foydalanadi. Qrim ko‘prigidagi voqea yuzasidan ayni paytda Sevastopol yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish direksiyasi dengiz yo‘lovchi tashish transporti harakati to‘xtatilganini ma’lum qildi. Ko‘rfazdagi yo‘l yopilgan. 

Qrim yarimorolining anneksiyasi ramziga aylangan ushbu inshoot Rossiyadagi eng uzun ko‘prik bo‘lib, u 19 kilometrga cho‘zilgan. Avtomobil qismi 2018 yil may oyida foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 2019 yil dekabr oyida ko‘prikning temiryo‘l qismi bo‘ylab birinchi poyezdlar harakatlanishni boshlagan. UXX rahbari Malyuk aytganidek, ular ko‘prikni birinchi bor portlatmayapti. 2022 yilning oktyabr oyida ko‘prikda yong‘in yuz bergandi. 2023 yilning iyul va avgust oylarida esa ko‘prik ketma-ket ikki bor nishonga aylangan. 12 avgust kuni Moskva vaqti bilan taxminan 13:00 da Kiyev C-200 zenit raketasi bilan Qrim ko‘prigiga zarba bergandi. 

“Sibir o‘zbeklarniki” degan deputat qani?

Avvalroq, Rossiyaning Xanti-Mansiysk muxtor okrugi dumasining Kommunistik partiyadan saylangan deputati Xolid Tagi-Zade Sibir o‘lkasi o‘zbeklarning tarixiy maskani ekanini aytib, juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Uning ushbu bayonoti mintaqaning tub aholisi o‘rtasida tug‘ilish va o‘lim bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining Sibirga ko‘chishi sabablarini muhokama qilish jarayonida aytildi.

“Tarixiy Sibir xonligi. Bu yerda Ko‘chimxon hukmronlik qilgan, u esa Shayboniylar sulolasidan – ya’ni Buxoro xonligidan chiqqan o‘zbek hukmdorlaridan. Balki hozirgi migrantlar o‘z tarixiy vatanlariga qaytayotgandir?” degan deputat.

Ushbu fikrlar ko‘plab rus faollari tomonidan xavotir bilan qabul qilindi. Ayrimlar buni “tarixiy adolatni tiklash” niqobi ostida bo‘layotgan separatistik kayfiyatlar deb baholagan. Jumladan, Sergey Kolyasnikov Tagi-Zadening bu gapini hududiy da’voga yo‘l ochish harakati degan bo‘lsa, Moskvadagi taniqli piar mutaxassisi Roman Antonovskiy deputatning bu chiqishidan xavotir bildirib, mazkur mojaroning “Rossiya fuqaroligini olgan migrantlarning ayrim huquqlari nega cheklanishi zarurligiga yaqqol misol” ekanini bildirgan. Antonovskiy va qator faollar Tagi-Zade kabi shaxslar nafaqat davlat tuzilmalarida, balki umuman siyosiy faoliyatda ishtirok etmasliklari lozimligini ta’kidlab, uni Rossiyadan deportatsiya qilinishini talab qilgan. 

Ko‘p o‘tmay esa, Xolid Tagi-Zade “Sibir – o‘zbeklar uchun tarixiy vatan” degan gapidan keyin partiya a’zoligidan chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. Ammo uning chetlatilishida bir necha yillar oldin partiya intizomini buzgani sabab sifatida keltirilgan. Kommunistik partiyaning Markaziy qo‘mitasi rais o‘rinbosari Yuriy Afonin deputatning ushbu bayonotiga keskin e’tiroz bildirgan. Unga ko‘ra, Tagi-Zade partiya nomidan hech qanday vakolatga ega emas, bu uning shaxsiy fikri. Partiyaning va viloyat bo‘limining rasmiy pozitsiyasiga mutlaqo zid. Davlat Dumasidagi Kommunistik partiya deputati Mixail Matveyev esa Tagi-Zadega yanada keskin javob qaytargan holda, uni provokator deb atagan va salkam chet el agenti darajasiga chiqargan.

“Bu odam – provokator. U partiyadan chiqarilgan va endilikda biz bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Uning ahmoqona bayonotlari – mutlaqo shaxsiy, bizga tegishli emas. Bundan tashqari, u bu gapni shunchaki aytmadi – bu muhokama tub xalqlar orasidagi tug‘ilish va o‘lim masalalari doirasida bo‘lib o‘tdi. Bu esa butun Rossiyaga qarshi hujum va tub xalqlarni migrantlar bilan almashtirishga urinish hisoblanadi. O‘zbeklarning bu yerda tarixiy huquqlari bor degan da’vo – bu kimdir tomonidan yozilgan metodik ko‘rsatmaga o‘xshaydi”, degan Matveyev.

Ma’lumot uchun, Xolid Tagi-Zade 1978 yil 15 noyabrda Ozarbayjon SSRning Sumgait shahrida tug‘ilgan. Millati – ozarbayjon. U 2001 yilda Sibir federal universitetini “kriminalistik kimyo” ixtisosligi bo‘yicha tamomlab, kimyo mutaxassisligiga ega bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida S.A. Reshetnyov nomidagi Sibir aero-kosmik akademiyasi harbiy fakultetida ham tahsil olgan. U 2019 yildan 2021 yilgacha Megion shahar dumasining oltinchi va yettinchi chaqiriqlari deputati, Megion shahar dumasidagi Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi fraksiyasi rahbari, 2021 yildan beri esa Xanti-Mansiysk avtonom okrugi dumasi – yettinchi chaqiriq Ugra deputati sifatida ishlab kelayotgan edi. Endi esa u partiyadan chiqarildi. Ba’zi manbalar hatto Tagi-Zade Rossiyani tark etgani haqida ham xabar bergan.

Kartoshka muammosida O‘zbekiston aybdormi?

Qozog‘istonning Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin mamlakatda kartoshka narxlarining oshishiga izoh berib, bunga sabab sifatida O‘zbekistonda, shuningdek, Belarus va Rossiyada hosil bo‘lmaganini keltirdi.

“Bu yerda talab va taklif qonuni ishlaydi. Kartoshka bilan shunaqa voqealar yuz berdi – sababi na Belarusda, na Rossiyada, na O‘zbekistonda hosil bo‘lmadi. Qozog‘istonda esa biz o‘tgan yili yetarli zaxiralarni shakllantirgan edik. Ammo fermerlar ham foyda ko‘rishi kerak edi, shuning uchun ma’lum bir vaqtgacha biz kartoshka eksportiga to‘sqinlik qilmadik. Kartoshka taqchilligi yo‘q, lekin narxlar oshdi”, degan Serik Jumangarin.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumatda ikkita yo‘l bor edi: birinchisi – kartoshka narxini cheklash, biroq bu holda fermerlar bu yil uni umuman ekmasligi mumkin, bu esa kelgusi yilda real taqchillikka olib keladi. Ikkinchi yo‘l esa kartoshka eksportini cheklash edi, va aynan shu yo‘l tanlangan. Ammo taqchillik yo‘q bo‘lishiga qaramay, narxlar baribir oshyapti. 

Ma’lumot uchun, bu yili Qozog‘istonda 15 ming tonna “premium” (yuqori sifatli) kartoshka yetishtirilgan, oddiy ijtimoiy kartoshka esa 2,6 million tonnani tashkil qilgan. “Ikkinchi non” hisoblangan kartoshkaga mamlakatda taqchillik yo‘q.

Umuman olganda, kartoshka masalasi MDH davlatlarida muammoligicha qolmoqda. Bu Putin va Lukashenkoning kulgili bayonotlarida ham aks etadi. Masalan, belaruslik Aleksandr Lukashenko mamlakatda kartoshka yetishtirish hajmini oshirish zarurligini ta’kidlab, bu kartoshka Belarusning o‘ziga ham, Rossiyaga ham yetishi kerakligi haqida gapirgandi. Unga ko‘ra, Rossiyada kartoshka yetishmovchiligi ko‘payib bormoqda. Lukashenko bu yerda gap xayriya haqida emas, balki “yaxshi pul va yaxshi narx” haqida ketayotganini alohida ta’kidlagan.

Lukashenkoning bu so‘zlaridan biroz oldin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ishbilarmonlar bilan uchrashuvda aholining kartoshka, qand lavlagi va boshqa sabzavotlar bilan ta’minlanishidagi muammolar haqida gapirib, “kartoshkani Belarusdan sotib olaylik, u yerda bu bo‘yicha katta mutaxassislar bor”, degandi.  Qolaversa, 27 may kuni Putin Aleksandr Lukashenko bilan o‘tkazilgan suhbatda Belarus fermerlari barcha kartoshkani Rossiyaga sotib yuborganini eslab o‘tgan. Putin esa yana Belarusga kartoshka sotishni taklif qilgan. Rossiyada 2025 yilning boshidan buyon kartoshka narxi 85 foizga oshgan, ulgurji narxlar 1 kg uchun 46–51 rublga yetgan. Chakana narxlar esa o‘rtacha 85,4 rublga ko‘tarilgan.

Savdo tarmoqlari kartoshkani zarariga sotayotganini aytmoqda. Narxlarning keskin oshishiga 2024 yil hosilining pastligi, yomon ob-havo va talab ko‘pligi sabab bo‘lgan. O‘zbekistonda esa 1 kg kartoshkaning savdo tarmoqlardagi narxi 7-8-9-10 mingdan 31 ming so‘mgacha.

Tashqi qarz uyat emas, zarurat – Qo‘chqorov

O‘zbekistonda ichki infratuzilmani tashkil etish va saqlash, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun iqtisodiy ta’minot zarur va shuning uchun tashqi qarz jalb qilinadi. Buning esa uyatli joyi yo‘q. Bu gaplar Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga tegishli. 3 iyun kuni u Qonunchilik palatasi majlisidagi Davlat byudjeti ijrosi muhokamasida iqtisodiyot ko‘p mablag‘ga muhtoj ekanini ta’kidlab, oshib borayotgan davlat qarzini mo‘’tadil deb atadi.

Qo‘chqorovga ko‘ra, davlat vazifalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar, ya’ni infrastrukturani rivojlantirish, yo‘l, ichimlik suvi, energetika tarmoqlari, aeroport, temiryo‘l, avtomobil yo‘llari masalalari, mamlakat mudofaa qobiliyatini, xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarning ma’lum bir qismi tashqi qarz hisobidan moliyalashtiriladi. Masalan, yangi qurilayotgan xonadonlar uchun ipoteka kreditlari berish uchun ham tijorat banklarini uzoq muddatga mablag‘ bilan ta’minlash zarur bo‘ladi. Shu kabi ishlar aynan tashqi qarz hisobiga qoplanadi.  2024 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining tashqi qarzi 33,7 milliard dollar, ichki qarz esa 6,5 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Jami qarzdorlik YAIMga nisbatan 35 foizni tashkil etadi. Xalqaro me’yorlarga nisbatan O‘zbekistonning qarzi mo‘’tadil darajada hisoblanadi.

Joriy yil 1 aprel holatiga ko‘ra esa O‘zbekistonning davlat qarzi qoldig‘i jami 42,4 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, shundan tashqi qarz 35,6 mlrd AQSH dollari, ichki qarz 6,9 mlrd AQSH dollarini tashkil qiladi. Bu esa 2025 yil uchun kutilayotgan YAIMga nisbatan 33,5 foizni tashkil etgan. Xalqaro me’yorlarda esa mazkur ko‘rsatkich mo‘’tadil hisoblanadi. O‘zbekistondagi davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunchilik bo‘yicha davlat qarzining eng yuqori miqdori YAIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi zarur. Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, chetdan olinayotgan har bir dollar qarzga nihoyatda sinchkovlik bilan qaraladi, nima uchun, qaysi maqsadlar uchun olinayotgani tekshiruvdan o‘tkaziladi. 

“Shaharlar bormi, qishloqlar bormi, mahallalarmi – hammasi obod bo‘lib kelyapti va bunda xarajatlarning ma’lum bir qismi tashqi qarz hisobidan amalga oshiriladi. Agar shunday so‘z joiz bo‘lsa, buning hech qanday uyatli joyi yo‘q. Qarz oshdi deb gapiradigan odam shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasining YAIM ham bugungi kunda 115 mlrd dollarga yetganini ham aytib o‘tishi kerak”, deydi Qo‘chqorov.

Ammo tashqi qarz qanchalik foydali bo‘lmasin, u baribir hassos masala ekanini unutmaslik lozim. Albatta, bunga turli prizmalardan qarash mumkin. Iqtisodchi mutaxassis sifatida, soliq to‘lovchi sifatida va yana boshqa tomonlardan. Keling barchasini oddiylashtiramiz. Yuqorida keltirilgan raqamlarga ko‘ra, ayni damda O‘zbekistonning tashqi qarzi 35,6 mlrd AQSH dollariga yetgan. Mamlakatdagi aholi soni esa salkam 37 million. Bu esa mamlakatdagi barchaning, beshikdagi boladan tortib, nuroniy otaxon-u onaxonlargacha hammaning bo‘ynida salkam 1000 dollar qarz mavjud degani. Agarda shu tomonlama qaralsa, vaziyat mo‘’tadildek ko‘rinmaydi. Chunki dunyoning aksar davlatlarida chaqaloqlar bo‘ynidagi qarz bilan emas, bankdagi hisob raqami bilan tug‘ilmoqda. Masalan, Qozog‘istonda. 

Oyliklar oshdi

2 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni 10 foizga, ya’ni inflyatsiyadan past bo‘lmagan darajaga oshirishga doir farmonni imzoladi. Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 iyuldan, ya’ni kelasi oydan boshlab, pensiyalar, nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari 10 foizga oshiriladi. Yoshga doir eng kam pensiya 918 ming so‘m, nogironlik pensiyasi 1 million 12 ming so‘mni tashkil etadi. Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori esa:

  • 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun – 360 000 so‘m,

  • 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 275 000 so‘m,

  • oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 165 000 so‘m;

  • oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 110 000 so‘m etib belgilandi.

Kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 420 000 so‘m qilib ko‘rsatildi. Shuningdek, 2025 yil 1 avgustdan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori amaldagi 1 million 155 ming so‘mdan 1 million 271 ming so‘mga oshirildi. Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablag‘lar Davlat byudjeti hamda Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. 1 avgustdan boshlab BHM ham oshadi. Farmonga ko‘ra, ayni damda 375 ming so‘m bo‘lib turgan BHM 420 minggacha ko‘tariladi.

Shu o‘rinda xususiy sektorda ishlovchi fuqarolarning ham to‘lov qobiliyatlarini rag‘batlantirish uchun ish beruvchilarga ish haqini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorlarda to‘lash tavsiya etilmoqda. 

Ammo oyliklar oshganiga qaramay, O‘zbekiston bu masalada Markaziy Osiyoda o‘rtamiyonaligicha qolmoqda. Xususan, Qozog‘istondan salkam ikki barobar orqada. MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan qiyosiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning sentyabr oyida Qozog‘istonda o‘rtacha nominal ish haqi 817,2 dollarni tashkil etgan. O‘zbekiston esa 437,8 dollar bilan Qirg‘izistondan biroz oldinroqda (411,2 AQSH dollari). Tojikiston Qozog‘istondan ancha orqada bo‘lib, 242,8 AQSH dollari bilan undan 3,5 barobar kam ko‘rsatkichni qayd etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya nafaqa Qozog'iston oylik Jamshid Qo'chqorov O'zbekiston Vladimir Putin Ukraina pensiya Belarus' Aleksandr Lukashenko BHM tashqi qarz Qrim ko'prigi moddiy yordam o'zbeklar Sibir Kartoshka Xolid Tagi-Zade

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing