Chexiya Rossiyani global internetdan uzishni taklif qildi
Olam
−
23 may 1063 2 daqiqa
Chexiya Prezidenti Petr Pavel NATOni alyansning sharqiy qanotida Rossiya tomonidan davom etayotgan provokatsiyalarga javoban “qat’iy va, ehtimol, asimmetrik” choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda u “The Guardian” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Petr Pavel Moskva “deyarli 5-moddani qo‘llash chegarasiga yetadigan, ammo doimo undan biroz pastroqda qoladigan xulq-atvor uslubini” shakllantirganini aytgan (NATO Ustavining 5-moddasida alyansning bir a’zosiga qilingan hujum barchaga qilingan hujum deb qaralishi ko‘zda tutilgan). Pavel bo‘lishi mumkin bo‘lgan qadamlar sifatida Rossiyani global internetdan uzib qo‘yish, uning banklarini xalqaro moliyaviy tizimlardan chiqarib tashlash, shuningdek, NATO davlatlari havo hududini buzgan samolyotlarni urib tushirishni tilga olgan.
Joriy vaziyatni sharhlar ekan, Pavel alyans faqat diplomatik bayonotlar bilan cheklanib qolmasligi kerakligini ta’kidlagan.
“Afsuski, Rossiya chiroyli so‘zlarni tushunmaydi. Ular kuch tilini tushunishadi”, deydi u.
Iste’fodagi general va NATO Harbiy qo‘mitasining sobiq raisi Pavel, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Trampni to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid qilishdan qochgan holda, “Rossiyaga bosim o‘tkazishni davom ettirishda AQSH tomonidan qat’iyat yetishmayotganidan” hafsalasi pir bo‘lganini bildirgan. Avvalroq u Chexiya OAVlariga “Tramp NATOga bo‘lgan ishonchga putur yetkazish uchun Vladimir Putin ko‘p yillar davomida qilganidan ko‘ra ko‘proq ish qildi” deb bayon etgan, biroq bu safar u ittifoqchilarning birlashgan va yanada qattiqqo‘l pozitsiyasi zarurligiga e’tibor qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiy rahbarlari alyansning uquvsizligi va ikkilanishidan foydalanayotganlarini ochiq tan olgan.
“Men ulardan nima uchun provokatsiyalar uyushtirayotganlarini so‘raganimda, ular “Chunki bu bizning qo‘limizdan keladi”, deb javob berishdi”, deydi Pavel.
Chexiya Prezidenti munosabat bildirmaslik Moskvani yanada jiddiyroq eskalatsiyaga undashidan ogohlantirgan.
“Agar biz bugun duch kelayotgan qoidabuzarliklarga javob qaytarmasak, Rossiya, ehtimol, faollashadi”, deydi u Polsha Bosh vaziri Donald Tuskning shunga o‘xshash baholarini takrorlab.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq frontda muvaffaqiyatlarning yo‘qligi, ortib borayotgan talofatlar, Ukraina dronlarining tobora muvaffaqiyatli tus olayotgan hujumlari va maxsus xizmatlar talabi bilan internetning tez-tez o‘chirib qo‘yilishi hamrohligida kechayotgan iqtisodiy inqiroz Rossiya rahbariyati vakillarini o‘zlari olib borayotgan urushga yanada sergakroq nigoh bilan qarashga majbur qilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi