Tahqirlangan Putin, o‘layotgan afrikaliklar va ojizlashgan Tramp – Weekend
Tahlil
−
23 may 2220 13 daqiqa
May oyi Pekin uchun tig‘iz tashriflar dasturiga boy bo‘ldi. Hali AQSH rahbari kelib-ketganiga bir hafta bo‘lmay turib, Rossiya Prezidentining samolyoti Pekin aeroportiga qo‘ndi. “Do‘sti”dan ortda qolishni istamagan Vladimir Putin Xitoyga bir qancha takliflar va shartnoma loyihalari bilan keldi. Xo‘sh, Si Szinpin bilan uchrashuv Kremlga nimalar keltirdi?
Eron va AQSH o‘rtasidagi nizo hanuz yechimini topgani yo‘q. Tomonlar bir-biriga talablar yomg‘irini yog‘dirishdan to‘xtamayapti. Bu haftada AQSH tomoni navbatdagi shartlar bilan Eronga tahdid qildi. Ammo Qo‘shma Shtatlarda ham vaziyat u qadar yaxshi emas shekilli, Senat Oq uyning harbiy vakolat doirasini chekladi. Endi Tramp Eronga hujum qila olmaydimi?
Dunyoning “rivojlangan mamlakatlari” odam o‘ldirish uchun o‘q-dorini ayamay sarflayotgan bir paytda, Afrikaning sharqida Ebola virusi yana avj olmoqda. Virusning qurbonlari kun sayin ortib bormoqda. Yana karantin bo‘ladimi?
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa, bu orada Rossiyaning neft zavodlarini birma-bir ishdan chiqarayotganini xotirjam, bayonot tarzida ma’lum qilmoqda. Dunyo beqarorliklar botqog‘iga botib borar ekan, biz bu yerda navbatdagi haftaning eng muhim voqealarini eslab, tahlil qilishga urinib ko‘ramiz.
Burgutdan keyin Pekinda Ayiqpolvon
19–20 may kunlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Pekinga rasmiy davlat tashrifini amalga oshirdi. Ushbu tashrifning o‘z ichki mantiq va ramziyati bor. Putin uchun bu tashrif o‘zining uzoq davom etgan vakolat muddatidagi yigirma beshinchisi bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi “Qo‘shnichilik va do‘stona hamkorlik shartnomasi”ning 25 yilligi arafasida uyushtirildi. Ramziy sanani nishonlash bahonasi real siyosiy maqsadga xizmat qildi. Tramp Pekindan 15 mayda qaytgan bo‘lsa, Putin 19 mayda yo‘lga chiqdi. Oradagi noodatiy qisqa vaqt jamoatchilikda turli talqin va gumonlar shakllanishiga sabab bo‘ldi. Ammo rasmiy bayonotlarda aytilishicha, Rossiyaning Pekinga tashrifi ancha oldin hal etilgan bo‘lib, Trampning Yaqin Sharq mojarolari ortidan AQSH-Xitoy sammitini kechiktirishi mana shunday qisqa intervalga sabab bo‘lgan.
May oyining bu ikki katta tashrifi ko‘pchilik tomonidan solishtirildi. Ba’zi rus manbalari Si ma’muriyati Putinni nisbatan do‘stona kutib olganini aytgan bo‘lsa, g‘arb manbalari bu talqindan Xitoyni AQSH uchun raqib qilib ko‘rsatishda foydalandi. Asosiy sezilarli jihatlardan biri, Putin delegatsiyasining tarkibi kattaroq bo‘ldi. O‘ttiz to‘qqiz kishilik delegatsiyaga besh nafar bosh vazir o‘rinbosari, sakkiz nafar federal vazir, prezident ma’muriyati vakillari, davlat korporatsiyalari rahbarlari va bir qancha mintaqa gubernatorlari kirdi. Trampga hamroh bo‘lgan biznesmenlar soni ko‘p bo‘lsa-da, rasmiy vakillik darajasi bundan past edi. Bu farq ahamiyatsizday ko‘rinishi mumkin, ammo diplomatik qoidalarga ko‘ra, delegatsiya tarkibi munosabatlarning chuqurligini ham o‘lchaydi. 20 may kuni Xalq Buyuk Zalida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlandi va ikki tomon 42 ta hujjatni imzoladi. Ularga ikkita alohida qo‘shma bayonot ham kiritildi. Ulardan biri “Har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlash” bo‘yicha, ikkinchisi esa “Ko‘p qutbli dunyo va xalqaro munosabatlarning yangi turi” haqida edi. Mutaxassislarning fikricha esa, har ikki tomon ham shov-shuv qilishga arzigulik yutuqlarga erishmagan. Putin bilan imzolangan hujjatlar son jihatdan ko‘p ko‘ringani bilan asosiy yo‘nalishlarda, energetika va qurol ta’minoti masalasida yakdil qarorga kelinmagani aytilmoqda.
Xususan, muzokaralarning eng muhim qismi – bu "Sibir-2" gaz quvuri masalasi bo‘ldi. Ko‘p yillik muzokaralar yuritilgan, ikki tomonning iqtisodiy siyosatida katta o‘rin tutgan ushbu loyiha bo‘yicha bu safar ham yakuniy kelishuvga erishilmadi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov “marshrutning asosiy parametrlari bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi” deb bayonot berdi, biroq qurilish boshlanish muddati hali noma’lumligicha qolmoqda. Narxi va ulush kabi muhim ma’lumotlar ham hal etilmadi.
Ko‘pchilik XXR raisi Si Szinpinning dunyo “o‘rmon qonunlari”ga qaytish xavfida degan gaplariga e’tiborini qaratdi. “Bir tomonlamalik va gegemonlik o‘ta zararli bo‘lib, dunyo yana “jungli qonunlari” davriga qaytish xavfi ostida turibdi”, dedi Si. Bu o‘ziga xos diplomatik til san’ati sifatida talqin qilindi. “Financial Times” nashri bu gaplar orqali Xitoy AQSHni tanqid qildi deb yozdi.
Bu galgi Rossiya ritorikasi ham o‘ziga xos bo‘ldi. Putin mavqedoshi bilan o‘rtadagi munosabatlarni oddiy hamkorlikdan ko‘ra, ko‘proq yaqin do‘stlik, birodarlik bosqichiga olib chiqishga urindi. “Xitoyda shunday deyishadi: bir kun ko‘rishmasang, go‘yo uch kuz o‘tgandek bo‘ladi. Bugun munosabatlarimiz misli ko‘rilmagan darajada yuqori bosqichga chiqdi va haqiqiy keng qamrovli sheriklik hamda strategik hamkorlik namunasiga aylandi”, dedi Putin.
Yaponiya va Janubiy Koreya mutaxassislarining fikricha, Tramp Pekinga tazyiq va diplomatiya aralashmasidan iborat bo‘lgan noaniq niyat bilan bordi va shu tufayli aniq strategik qo‘llovlarga ham erisha olmadi. Putin hamkorlik va maqsad birligiga asoslangan aniq reja bilan bordi. Ammo Xitoy uchun materikda Rossiya kabi raqib kerak bo‘lmagani uchun, har qanday mafkuraviy yaqinlik bir chetga surilib, muhim geosiyosiy masalalarda yon bosilmadi.
AQSH va Rossiyaning bu tashriflari na Vashingtonga, na Moskvaga ulkan yutuqlar olib keldi. Aksincha, bu yerda yutgan Pekin bo‘lib qolmoqda. Ikki urush boshida turgan davlat rahbarlarining turli masalada Si hokimiyatidan yordam istab kelgani, bugun Pekinning hal qiluvchi obrazi shakllanayotganini ommaga ko‘rsatib qo‘ydi. Xitoy o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmaydi – u hech kimga qurol sotmaydi, hech kimning urushini rasmiy qo‘llamaydi, biroq iqtisodiy va diplomatik aloqalarini kengaytiradi. Oddiy mantiq: burgut ham, ayiqpolvon ham muammolar bilan band bo‘lsa, hamma o‘lja ajdahoga qoladi.
Ehtiyot bo‘ling, Ebola
Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat, Ukrainadagi urush holati, Pekinning diplomatik o‘yinlari fonida dunyo jurnalistlari e’tiboridan Afrika qolib ketayotgandek. Biroq biz bu gal Kongo va Ugandada yuzlab o‘limlarga sabab bo‘layotgan bu baloga jiddiy e’tibor berishga qaror qildik. Kongo Demokratik Respublikasining Ituri viloyatida bu yil 17-marta tarqalayotgan Ebola epidemiyasi 17 may kuni Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan xalqaro miqiyosdagi favqulodda vaziyat deb e’lon qilindi. 19 may holatiga ko‘ra, 543 ta shubhali holat qayd etilgan va kamida 131 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Mutaxassislar bu galgi epidemiyani xavfliroq deb baholab, uning sababi deb topilgan “Bundibugyo” ebola virusiga alohida e’tibor qaratmoqda. Avvalgi epidemiyalarning aksariyati “Zair” ebola virusi natijasida kelib chiqqan bo‘lib, mavjud dori-darmonlarning asosiy qismi aynan shu tur uchun sinab ko‘rilgan. “Bundibugyo” turi esa, boshqacha bo‘lgani uchun davolash jarayonini ham murakkablashtirishi aytilmoqda.
JSST Ebola virusi Kongoga qo‘shni Uganda hududida ham tarqalganini ma’lum qildi. Uganda rasmiylari 59 yoshli erkakda virus aniqlangani va u vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum Kongo fuqarosi bo‘lgan va uning jasadi vataniga qaytarilgan.
Biologik muammolar tobora ko‘payib ketayotgan bir paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamda Jahon banki hamkorlikda tashkil etilgan Tayyorgarlikni global monitoring qilish kengashi (GPMB) tarqalish ko‘lami bo‘yicha koronavirus va Ebola bezgagi epidemiyalaridan ham o‘zib ketishi mumkin bo‘lgan yangi global pandemiya xavfi tobora ortib borayotganidan ogohlantirdi.
“Yuqumli kasalliklarning avj olishi tobora tez-tez sodir bo‘layotgani sababli, ular yanada vayronkor tus olmoqda, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, siyosat va ijtimoiy sohalarga tobora kengroq ta’sir ko‘rsatmoqda, shuningdek, ulardan keyin qayta tiklanish imkoniyatlarini kamaytirmoqda”, deyiladi hisobotda. JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus bu epidemiya haqiqiy ko‘lamda hali to‘liq aks etmagan deb ogohlantirdi va vaziyat juda tez tarqalayotganini ta’kidladi. Ushbu voqeaning diqqatga sazovor yana bir jihati – AQSH ushbu epidemiyaga qarshi kurashish uchun 23 million dollar ajratdi. Albatta, bu 2018–2020 yillardagi 600 million dollarga solishtirganda juda oz. Ammo bir vaqtlar Ilon Mask boshchiligida faoliyat yuritgan “DOGE” nomli dastur doirasida AQSH global sog‘liqni saqlash qo‘mita va tuzilmalari uchun xarajatlarni keskin qisqartirgani fonida bu ham katta summa ko‘rinadi.
Eronga endi hujum bo‘lmaydi
28 fevral kuni AQSH va Isroil Eronga qarshi qo‘shma harbiy operatsiyani boshlagan paytdan buyon Yaqin Sharq inqirozi yangidan-yangi qirralar kasb etmoqda. 8 aprelda Pokiston vositachiligida imzolangan otashkesim rasmiy kuchga kirdi, lekin u na urushni tugatdi, na muzokaralarni haqiqiy ma’noda oldinga siljitdi.
10 may kuni Eron Vashingtonga 5 ta shart bilan muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini bildirgan edi. Bu shartlar orasida barcha frontlardagi harbiy harakatlarni to‘xtatish, sanksiyalarni bekor qilish, muzlatilgan Eron mablag‘larini qaytarish, urush ziyonini qoplash va Hormuz bo‘g‘ozi ustidan Eron suverenitetini tan olish bor. Tramp bu taklifni keskin rad etib, uni “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atadi. Eron ham o‘z pozitsiyasini boy bermoqchi emas.
Bu hafta Eron tomoni AQSHning 5 banddan iborat talablar ro‘yxatini qabul qilib oldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH quyidagi shartlarni ilgari surgan:
- Vashington urush oqibatida yetkazilgan zarar uchun Eronga hech qanday kompensatsiya to‘lamaydi;
- Eron 400 kilogramm boyitilgan uranni mamlakatdan olib chiqib, AQSHga topshirishi kerak;
- Mamlakatda faqat bitta ishlayotgan yadroviy majmua qoldirilishi lozim;
- AQSH muzlatilgan Eron aktivlarining ko‘pi bilan 25 foizini ozod qiladi;
- Barcha frontlarda, jumladan Livandagi urushni to‘xtatish faqat muzokaralar jarayonida amalga oshirilishi mumkin.
Ba’zi ekspertlarning fikricha, AQSH bu orqali muammoni hal qilish emas, balki urush vaqtida erisha olmagan maqsadlarini muzokara orqali amalga oshirishga urinmoqda. Tehron ham o‘z navbatida bu shartlarni qabul qilmoqchi emas. Bundan oldin Eron tomonidan e’lon qilingan shartlar Oq uy rahbari tomonidan “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb ta’riflangandan keyin, ikki hukumat vakillari ham sezib turibdiki, “so‘nggi ogohlantirish” siyosati allaqochon mantiq doirasidan chiqib ketib bo‘ldi. Donald Trampning “Ular tezroq harakat qilishlari kerak, aks holda ulardan hech narsa qolmaydi”, kabi vahimali bayonotlari bugun hech qanday vaznga ega bo‘lmay qoldi.
Hatto 19 may kuniga belgilangan harbiy hujum ham kechiktirilgani e’lon qilindi. Trampning aytishicha, hujumdan voz kechishni undan Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Saudiya Arabistoni Valiahdi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud hamda BAA Prezidenti shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayyon so‘ragan.
“Men ularning yetakchiligini hurmat qilaman va operatsiyani hozircha TO‘XTATIB TURISHGA rozi bo‘ldim. Biroq, agar Eron ushbu so‘nggi imkoniyatdan foydalana olmasa, bizning harbiylarimiz keng ko‘lamli zarba berish uchun to‘liq shay holatda”, deb post joyladi o‘zining Truth Social tarmog‘iga.
Shu voqealar ortidan, Amerika Senati 19 may kuni 50 ga 47 ovoz farqi bilan Trampning harbiy vakolat doirasini cheklovchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu rezolyutsiya Prezidentni Eron urushini davom ettirishdan oldin Kongress ruxsatini olishga majburlashi kerak edi. Ammo Respublikachilar hukmron bo‘lgan Vakillar palatasi 21 may kuni ushbu qonun loyihasini kutilmaganda kechiktirib yubordi.
Ushbu ikki voqeani birga tahlil qilganda, Amerikadagi siyosiy manzaraning murakkabligi ko‘rinadi. Senat rezolyutsiyasi rasmiy jihatdan kuchga kirishi uchun Vakillar palatasidan ham o‘tishi va keyin Prezident imzosiga borishi kerak. Shubhasiz, bunday qonun loyihasiga Tramp veto qo‘yishi muqarrar edi. Ammo ovoz berish natijalarining o‘zi AQSH Senatida ham Trampning siyosatiga qarshi norozilik o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda.
1973 yildagi Urush vakolatlari to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, Prezident 60 kun davomida Kongress sanksiyasisiz harbiy harakatlarni davom ettira oladi. Bu muddat 1 mayda tugadi. Tramp ayni vaqtda “otashkesim e’lon qildim, urush to‘xtadi, qonun menga tegishli emas” degan pozitsiyada turibdi va kutilganidek ushbu qonunni inkor etmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Eron masalasining yechimi tezda topilmaydi. Ikkala tomon ham tazyiq pozitsiyasidan chiqa olmayapti, Pekin esa vositachilik qilishga qiziqish bildirsa-da, bemalol va shoshmasdan ish yuritmoqda. Bu holda jarayon cho‘zilaveradi va cho‘zilgan sari harbiy tayyorgarlik ham birga kuchayib boradi.
Zelenskiy urushga shay
Ukraina urushi mana to‘rt yildan ortiq vaqt davomida yechim topmay kelmoqda. Nizoning o‘zi kelib chiqqaniga esa, qariyb 12 yil bo‘ldi. Bu vaqt ichida xalqaro tahlilchilar, G‘arb hukumatlari, Ukraina fuqarolari va Rossiya rahbariyatining “urush qachon tugaydi” savoliga bergan javoblari bir necha marta o‘zgardi. Ammo hozir aniq ko‘rinayotgan narsalardan biri shuki – Zelenskiy ham bugun urushni davom ettirishdan manfaatdor.
So‘nggi hafta oralig‘ida Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning bir qancha neft zavodlariga yo‘naltirilgan uzoq masofali dron zarbalarini uyushtirdi. 15 mayda Ryazan neftni qayta ishlash zavodi, 16 mayda Stavropol o‘lkasidagi Azot kimyo zavodi, 19 mayda Yaroslavl neftni qayta ishlash zavodi, 21 mayda Nijniy Novgorod viloyatidagi Lukoyl zavodi, 22 mayda Sizran zavodi Ukraina hujumlaridan talofat ko‘rib ulgurdi. Bu zarbalarda iste’molga tayyor yonilg‘i, eksport terminallari va yuk yo‘llari nishonga olindi.
Ya’ni urush bugun chegara yaqinidagi frontlarda emas, Rossiyaning ichida ketmoqda.
Zelenskiy 22 may kuni o‘z bayonotida ushbu hujumlar ancha avvaldan rejalashtirib kelinganini ma’lum qildi va asosiy nishonlar Rossiya neft sanoati bilan bog‘liq infratuzilmasi ekanini ta’kidladi. Ukraina xavfsizlik xizmati manbasi esa, Rossiya neftini qayta ishlash quvvatining 40 foizi allaqochon ishlamayotganini ma’lum qildi. Zelenskiyning o‘zi esa, Rossiyada yonilg‘i tanqisligi 20 foizga yaqin ekanini, ular dizel zaxiralarini ham ishlatishga majbur bo‘lganini aytmoqda.
“Bizning harakatlarimiz Rossiyaning harbiy mashinasini eng nozik joyidan zaiflashtirmoqda. Bugungi kunda Rossiya o‘z neftini qayta ishlash quvvatlarining qariyb 20 foizini yo‘qotdi. Ular nafaqat benzin eksportini taqiqlashga, balki o‘zlarining strategik dizel va yonilg‘i zaxiralarini ochishga va ulardan foydalanishga majbur bo‘lishmoqda. Rossiya o‘z agressiyasi uchun to‘lashi kerak bo‘lgan narx aynan ularning yonilg‘i bozorida va iqtisodiyotida aks etmoqda”, deydi Kiyev rahbari.
Ukraina G‘arbdan uzoq muddat qurol olishga qiynalganidan so‘ng, o‘zi dron ishlab chiqarish dasturini rivojlantirdi. Ba’zi zarba nuqtalari Ukraina chegarasidan 1500 kilometr uzoqlikda joylashgan. Milliy sanoatga asoslangan bu dron armiyasi Ukraina uchun asimmetrik qurolga aylandi – hech qanday xalqaro cheklov ostiga tushmaydigan, ichki bozorda ishlab chiqariladigan arzon “qirg‘in mashinasi”.
“Urushni Rossiya hududiga olib borish — bu adolatli javob”, deydi Zelenskiy. Bu gapda strategik mantiq bor. Rossiya iqtisodiyotining asosi oldin ham, hozir ham – neft va gaz daromadlari bo‘lib qolmoqda. Bu manbalar bo‘lmasa, urushni moliyalashtirish qiyinlashadi. Zavodlar ishlamasa, yonilg‘i tanqisligi harbiy texnikani ham to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
Zelenskiy 19 mayda iyun oyi uchun ham uzoq masofali dron zarbalari rejalashtirilganini tasdiqladi. Bu reja to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilmadi, biroq rasmiy tasdiq berganining o‘zi Ukrainaning strategik maqsadlari o‘zgarganini ko‘rsatadi. Endi Kiyev uchun mudofaa birinchi darajada emas, balki dushman iqtisodiyotini tanqislikka tushirish, Moskvani taslim bo‘lishga majbur qilish ko‘zlangan. Bunday ochiq bayonotlar orqali Zelenskiy Putinning obro‘siga putur yetkazmoqchi bo‘lib, “falon sanada hujum qilaman, qo‘lingdan kelsa to‘xtatib qol”, degandek masxaraomuz munosabat bildirmoqda.
Albatta, Rossiya ham bunga jim qarab turgani yo‘q. 21 may kuni Rossiya Mudofaa vazirligining xabar berishicha, Ukrainada uchuvchisiz qurilmalar – dronlar operatorlarini tayyorlash markaziga hujum uyushtirilgan. “Operativ-taktik aviatsiya, zarba beruvchi uchuvchisiz apparatlar, raketa qo‘shinlari va artilleriya kuchlari tomonidan uchuvchisiz tizimlar mutaxassislarini tayyorlash markaziga zarba berildi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, harbiylar uzoq masofaga mo‘ljallangan dronlar va ekipajsiz qayiqlarni yig‘ish sexlari hamda ularni saqlash joylariga ham zarba berganini ma’lum qilgan. Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina Qurolli kuchlari manfaatlari uchun foydalanilayotgan energetika infratuzilmasi ob’ektlari va raqib kuchlarining vaqtinchalik joylashuv nuqtalariga, jami 148 ta hududga zarba berilgan. Ma’lumotga ko‘ra, bir sutka davomida havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaga tegishli 516 ta dron va uchta boshqariladigan aviatsiya bombasini urib tushirgan.
Yaqin Sharqdagi urush ham, Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi urush ham bir xulosaga qarab ketyapti. Birgina arzon dron sanoati orqali eng qudratli raqibga ham munosib qarshi chiqish va hatto kezi kelganda unga jiddiy tahdid solish ham mumkin. Bugun aynan shu dronlar ortidan Zelenskiyning ovozi balandroq chiqayotgani haqiqat.
Xulosa
Umumiy va qisqa xulosani quyidagicha chiqarishimiz mumkin. Pekin endi shubhasiz dunyo diplomatiyasining asosiy markazlaridan biri. Tramp ham, Putin ham oldinma-ketin uning eshigini taqillatdi – bu fakt esa ko‘p narsani anglatadi. Xitoy bu o‘yinda eng kam yo‘qotadigan, eng ko‘p yutadigan tomonga aylandi.
Eron masalasida esa, Tramp o‘zi boshlagan urushni diplomatiyasiz yakunlab bo‘lmasligini tushunib turibdi, ammo tomonlar diplomatiyasi bir-biriga to‘g‘ri kelgani yo‘q. Senat ovozi Kongress noroziligini ko‘rsatdi, Vakillar palatasi bu ovozni to‘xtatib turdi, biroq bu kechiktirishning o‘zi ham siyosiy signal.
Zelenskiy esa, bu haftada eng aniq strategik yo‘nalishni namoyish etdi. Rossiya neft zavodlarini birma-bir ishdan chiqarish – bu shunchaki harbiy harakatlar emas, iqtisodiy bosim strategiyasi hamdir. Bu strategiyaning natijalari hali butunlay ko‘rinmagandir, ammo yaqin kelajakda Moskvaning o‘zi ham muzokara stoliga o‘tirishni istab qolsa ajab emas.
Maqolani esa, Si Szinpinning o‘sha gapi bilan yakunlashni xohladik: dunyo jungli qonunlariga qaytish arafasida.
Live
Barchasi