Qozog‘istondagi yong‘inda halok bo‘lganlarning oilalariga qanchadan berilishi aytildi
Olam
−
13 iyun 2023
7882Qozog‘istonning Abay viloyatidagi yong‘inda halok bo‘lganlarning oilalariga “Qozog‘iston xalqi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 7 million tenge (15,6 ming dollar), shuningdek, har bir voyaga yetmagan bola uchun 2 million tenge (4,4 ming dollar) to‘lanadi. Bu haqda mamlakat hukumatining xabarida keltirilgan.
Ma’lum qilinishicha, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning oilalariga zarur yordam ko‘rsatish uchun alohida jamg‘arma ham tashkil etiladi.
Qozog‘istonning 40 dan ortiq universitetlari yong‘indan jabr ko‘rgan oilalar talabalariga yotoqxonalaridan joy berishga tayyor ekanini bildirgan. Shu bilan birga to‘lov asosida tahsil olayotgan talabalarni grantga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 iyun kuni Qozog‘istonning Rossiya bilan chegaradosh Abay viloyatidagi o‘rmonda yirik yong‘in yuz berdi. Ushbu yong‘in oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish ochildi.
Mazkur fojiadan so‘ng mamlakat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev respublikada 12 iyunni milliy motam kuni deb e’lon qildi.
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart To‘qayevga hamdardlik bildirib, tabiiy ofatga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etishda mamlakat barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanini ta’kidlagan.