Qozog‘istonda otishma sodir etgan o‘zbekistonlik 15 yilga qamaldi
3-sahifa
−
07 iyun 2023
5192Shu yilning 20 fevral kuni Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘zbekistonlik 49 yoshli erkak bankni o‘marish maqsadida otishma sodir etgani haqida xabar bergan edik. Ushbu jinoyat yuzasidan sud jarayoni o‘tkazilib, ayblanuvchiga 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Bu haqda mahalliy “Zakon.kz” nashri ma’lum qildi.
Xabarlaga ko‘ra, erkakka nisbatan noqonuniy qurol ishlab chiqarish va olib yurish, qotillikka urinish ayblari qo‘yilgan. Sud-tibbiy ekspertiza natijalari mahkumda ruhiy xastaliklarni aniqlamagan. U noma’lum shaxsdan 200 ming tengega qurol sotib olgan va bu uchun pullarni tanishidan qarzga olgan.
U jinoyat sodir etishiga moliyaviy qiyinchiliklar sabab bo‘lgani, avvaliga qurol do‘konini ham tunashni rejalashtirganini tan olgan. Sudda ma’lum bo‘lishicha, u muqaddam Rossiyada ham sudlangan va odam o‘ldirgani uchun 10 yilni koloniyada o‘tkazgan. Bir yil avval qamoqdan chiqqach, olti oy o‘tib Chimkentga mavsumiy ish uchun borgan. O‘zbekistonlik erkak Chimkentda ijara uyda yashagan va sotib olgan qurolini shu yerda saqlagan.
"Rossiyada u bilan janjallashib qolgan odam kasalxonada vafot etgan. Keyin 2022 yil aprel oyida u Chimkentga kelgan. U qurolni xuddi shu ijaraga olingan kvartirada saqlagan", deydi Qozog‘istonlik sudya.
Ta’kidlanishicha, ayblanuvchi oilali va ikki nafar farzandi bor. Biroq qarindoshlaridan hech kim uning sudida qatnashmagan.
Mahkumni O‘zbekistonga deportatsiya qilish mumkin emasligi hamda u jazoni o‘rta xavfsizlikdagi jinoyat-ijroiya tizimi muassasasida o‘tashi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada o‘zbekistonlik erkak politsiyadan qochib, YTHga uchragandi. Shuningdek, 20 yildan beri qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘istonda qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr