Qozog‘istonda avj olayotgan kasallik O‘zbekistonga ham yetib keladimi?

Salomatlik

image

Avvalroq, Qozog‘istonda baliq orqali yuqadigan opistorxoz kasalligiga chalinganlar soni ortayotgani xabar qilingandi. O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi vaziyatga baho berib, mazkur kasallikning mamlakatda tarqalish ehtimolini yo‘qligini ma’lum qildi.

“Yurtimizda opistorxoz kasalligi bilan bog‘liq holatlar kuzatilmaganini va bunday infeksiya uchramasligini ma’lum qilamiz”, deyiladi qo‘mita bayonotida.

Ma’lum qilinishicha, opistorxoz gijja kasalliklari guruhiga mansub tabiiy o‘choqli biogelmintoz hisoblanadi. Odamlar va baliq iste’mol qiladigan hayvonlar, shu bilan birga ayiqlar mazkur infeksiyani yuqtirishga moyil bo‘ladi. Infeksiya karp oilasiga kiruvchi baliqlarni xom, nim tuzlangan holda yoki issiqlik bilan ishlov berilmasdan iste’mol qilganda yuqadi.

Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida opistorxoz keng tarqalgan. 
Kasallikning Opisthrchis felineus deb nomlanuvchi turi asosan G‘arbiy Sibirda, Ob daryosi havzasidan Rossiyaning Yevropa qismigacha bo‘lgan hududda uchraydi.  Infeksiyaning eng yuqori xavfi daryo hududlarida: Biryusa, Volga, Dnepr, Don, Irtish, Kama, Ob, Shimoliy Dvina, Ural daryo hududlarida uchraydi. Qozog‘iston va Yevropada ham kasallik uchrab turadi. Bildirilishicha, opistorxozning dunyodagi eng katta o‘chog‘i Ob-Irtish suv havzasida joylashgan.

Infeksiyaning Opistorchis viverrini turi esa Rossiyada deyarli uchramaydi, lekin Janubiy-Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida, asosan Tailandda kuzatiladi. 

2022 yilda opistorxozning 11520 ta holati Rossiyada qayd etilgan bo‘lib, kasallanish darajasi 100 ming aholiga 7,9 nafarni tashkil etgan.

Qozog‘istonning shimoliy va shimoliy-sharqiy qismlarida Irtish daryosi va uning irmoqlari hududlarida ham opistorxoz bilan kasallanish holatlari ko‘plab uchrab turadi.  Ural daryosi atrofida ham opistorxoz bilan kasallangan baliqlar aniqlangan.

Opistorxozning asosiy belgilari:

  • yuz va tanadagi toshma;
  • tana haroratining 37-38 darajaga ko‘tarilishi, bu to‘rt haftagacha davom etadi;
  • ikki haftagacha davom etadigan bosh og‘rig‘i;
  • uyqu buzilishi, zaiflik, terlash va ishtahani yo‘qotish;
  • mushaklardagi og‘riq;
  • allergik reaksiyalar.

Agar kasallik to‘liq davolanmasa, u jigar va yurak kasalliklariga, buyrak yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin. Kasallikning kelib chiqishiga asosiy manba daryolarda yashovchi sazan oilasiga mansub baliqlardir.

Sanitariya shifokorlari kasallikka chalinmaslik uchun quyidagilarni tavsiya qiladi:

  • karp oilasiga kiruvchi xom, yetarlicha tuzlanmagan, yomon quritilgan baliqlarni iste’mol qilmaslik;
  • xom baliqni kesish paytida yoki undan keyin shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish;
  • baliqni 2-3 hafta davomida tuzlash;
  • baliqni kamida 20 daqiqa qovurish.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq G‘arbiy Qozog‘iston viloyatining Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi 2023 yil boshidan buyon hududda 113 ta opistorxoz holati qayd etilganini ma’lum qilgandi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26 foizga o‘sganini anglatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston O'zbekiston baliq opistorxoz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing