Birgalikda Yer yuzini asrab qolishimiz mumkin – Saida Mirziyoyeva
Jamiyat
−
04 aprel
7296Bugun, 4 aprel kuni o‘z ishini boshlagan Samarqand iqlim forumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Bugun Samarqandda Markaziy Osiyo Iqlim forumi o‘z ishini boshladi. O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini taqdim etish men uchun katta sharafdir”, deya yozgan Mirziyoyeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo – tabiiy omillarga eng ta’sirchan mintaqalardan biri hisoblanadi. Orol fojiasi esa global ekologik inqirozning ramziga aylangan.
“Hozirda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Markaziy Osiyoning yashil rivojlanish” konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. U yashil texnologiyalardan tortib barqaror urbanizatsiyagacha bo‘lgan barcha sohalarni to‘la qamrab oladi. Ushbu konsepsiya COP30 forumida qabul qilinishiga umid qilamiz”, degan Prezident yordamchisi.
Shuningdek, u Orolbo‘yi va Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish ustuvor vazifa ekanini ta’kidlagan.
“Bu borada uchta yo‘nalishda – ekologiya, infratuzilma va madaniy tiklanish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Ertaga Nukusda ochilishi bo‘lib o‘tadigan Orol madaniyat sammiti ham fan, san’at va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda”, degan o‘z postida Mirziyoyeva.
“Faqatgina birgalikda biz Yer yuzini asrab qolishimiz va farzandlarimiz, nabiralarimiz hamda bizdan keyingi barcha avlodlar uchun yaxshiroq kelajakni barpo etishimiz mumkin”, deya qo‘shimcha qiladi Saida Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, bugun, 4 aprel kuni Samarqand xalqaro iqlim forumi bo‘lib o‘tdi. Forum ishida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan, Aholi punktlari bo‘yicha dastur ijrochi direktori Anaukladiya Rossbax, Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiav va boshqalar ishtirok etdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham forum ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Ishtirokchilar orasida 2 mingdan ortiq xorijiy mehmonlar, jumladan, milliy va global ekologik tashkilotlar, xalqaro tuzilmalar rahbarlari, ekspertlar, olimlar va jurnalistlar, biznes vakillari bor.
Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo oldida turgan dolzarb iqlim muammolari muhokama qilindi, ekologik barqarorlik, “yashil” iqtisodiy taraqqiyot va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



