Qozog‘iston Rossiyaga qarshi sanksiyalarga bosh qo‘shadimi?

Olam

image

Qozog‘iston Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmaydi. Bu haqda RIA Novosti mamlakatning Moskvadagi elchisi Yermek Kosherbayevga tayanib, xabar berdi.

“Biz Rossiya Federatsiyasiga nisbatan qiritilgan sanksiyalarga qo‘shilmaymiz va hamkorligimiz ruhiga zid bo‘lishi mumkin bo‘lgan qadamlar qo‘ymaymiz”, degan elchi “Rossiya 24” telekanali efirida.

Shuningdek, u Rossiya har qanday sharoitda ham Qozog‘istonning eng yaqin qo‘shnisi va eng muhim hamkori bo‘lib qolishini ta’kidladi.

“Qozog‘iston hech qachon geosiyosiy o‘yinlarda qatnashmagan va qatnashmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Kosherbayev.

Avvalroq, Rossiyaning eng yaqin ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Qozog‘iston Vladimir Putinning Ukrainaga qarshi urushga qo‘shilish iltimosini rad etgani haqida xabar bergan edik.

Bundan tashqari, mamlakat Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishi uchun bahona bo‘lgan Donetsk va Lugansk xalq respubliklari mustaqilligini tan olmasligini bildirgan.

Qo‘shma Shtatlar Qozog‘istonning Ukrainadagi urush bo‘yicha bayonotini olqishlagan.

“Biz Qozog‘istonning LXR va “DXRni tan olmasligi haqidagi bayonotini olqishlaymiz. Shuningdek, Qozog‘iston Putinning Ukrainadagi urushida ishtirok etish uchun o‘z kuchlarini yuborishdan bosh tortganini ham olqishlaymiz”, deya munosabat bildirgan AQSH Xavfsizlik kengashi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi

Baholaganlar

20

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing