Qozog‘iston Putinning ittifoq taklifida yomonlik ko‘rmayapti – Rasmiy Ostona
Olam
−
22 dekabr 2022
6990Qozog‘iston tomoni Qozog‘iston, Rossiya va O‘zbekistonning “uch tomonlama gaz ittifoqi” tashabbusini tijorat taklifi deb biladi, bundan siyosiy tus izlashning hojati yo‘q. Bu haqda bugun, 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda respublika Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almas Aydarov ma’lum qildi.
“Bu Rossiya tomonining og‘zaki taklifi, xolos. Biz uni hali rasmiylashtirilgan shaklda olganimiz yo‘q. Balki "ittifoq" degan so‘z hammani bezovta qilayotgandir. Bunda qandaydir milliy oliy organ yoki integratsiya instituti yaratilganini ko‘rmayapmiz. Biz buni gaz yetkazib berish bo‘yicha gaz bozorlarini integratsiyalashuvi bo‘yicha tijorat taklifi deb bilamiz”, deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston tomoni ushbu taklifning iqtisodiy maqsadga muvofiqligidan kelib chiqib, respublika manfaatlariga mos deb biladi.
“Ushbu taklifdan qandaydir siyosiy subtekst izlashning hojati yo‘q”, deydi Aydarov.
Xabaringiz bor, joriy yilning 28 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Qosim-Jomart To‘qayev o‘rtasida Kremlda uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida Qozog‘iston Prezidentining ma’lum qilishicha, Putin To‘qayevga Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston ittifoqini tuzishni taklif qilgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Putin To‘qayevga uch davlatning gaz bo‘yicha ittifoqini tuzish rejalarini aytgan va bu masala O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘ng‘iroq qilish niyati borligini bildirgan.
8 dekabr kuni O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonning boshqa mamlakatlar bilan energetika sohasida hamkorlikka kirishi mamlakat ichidagi iste’mol talabi bilan bog‘liqgini aytib chiqdi.
"Bunda milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, o‘zimizning energiya tarmoqlarni kimgadir berib yuborish orqali emas, oldi-sotdi, tijoriy shartnomalar asosida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti", degan edi vazir.
Oradan ko‘p o‘tmay, Rossiya Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bayonot bilan chiqib, gaz ittifoqini tuzishda hech kim siyosiy shartlar qo‘ymayotgani, ittifoq tuzish g‘oyasi kontekstida bu gap yo‘qligini aytdi.
LiveBarchasi