Rossiya butun Markaziy Osiyoni gazlashtirishga tayyor – Putin
Olam
−
08 noyabr 2023
8901Rossiya Qozog‘istonga mamlakatning shimoliy va sharqiy hududlarini gazlashtirishda yordam berishga tayyor. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Kazaxstanskaya pravda” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Qozog‘istonga kelsak, Rossiya joriy yilning 18 yanvarida “Gazprom” va Qozog‘iston hukumati o‘rtasida imzolangan gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasiga muvofiq, shimoliy va sharqiy hududlarni gazlashtirishda yordam berishga tayyor”, degan davlat rahbari.
Uning bildirishicha, hozirda tegishli gaz transporti infratuzilmasidagi nosozliklarni tuzatishning turli variantlari o‘rganilmoqda.
Putin so‘zida davom etib, joriy yilning 1 noyabrida Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi doirasida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar geologik qidiruv, qazib olish, qayta ishlash, gaz yetkazib berish va tashishni nazarda tutuvchi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolaganini eslatib o‘tgan.
Umuman olganda, gaz sohasidagi hamkorlik haqida to‘xtalar ekan, Rossiya davlat rahbari bu borada keng istiqbollar ochilayotganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga, jumladan, Rossiya va Markaziy Osiyoda ko‘p yillar davomida rivojlangan gaz tashish va gaz taqsimlash tizimlarining infratuzilmasi va yo‘nalishlari hamda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama asosda yuqori darajadagi muvofiqlashtirish sabab bo‘lmoqda.
“Eslatib o‘tay, 7 oktyabr kuni biz Qozog‘iston va O‘zbekiston Prezidentlari bilan birgalikda Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga Rossiya tabiiy gazini yetkazib berishni boshlash marosimida ishtirok etgan edik. Bu yo‘nalish mavjud gaz transporti tarmoqlaridan eng samarali foydalanish imkonini beradi va nafaqat uch davlatimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi rivojiga xizmat qiladi. Kelgusida turkmanistonlik hamkasblarimiz bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishni maqsadga muvofiq deb bilamiz. Ular an’anaviy ravishda ushbu bozorlarda ishtirok etadilar va ularning bunday o‘zaro ta’sirga qo‘shilishi umumiy manfaatlarga mos keladi”, degan u.
Putin, shuningdek, Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi neft sohasida konstruktiv hamkorlikni qayd etgan. Rossiya rahbari Kaspiy quvurlari konsorsiumining logistika imkoniyatlaridan foydalangan holda mamlakatlar neftni jahon bozorlariga eng ishonchli va tejamkor usulda tashishni ta’minlab, OPEK+ hamkorlari bilan birgalikda jahon neft bozori barqarorligi va prognozliligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shadi.
Eslatib o‘tamiz, Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi doirasida Rossiyaning “Gazprom” ochiq aksiyadorlik jamiyati rahbari Aleksey Miller O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bilan energetika kompleksi sohasida hamkorlik bo‘yicha strategik memorandumni imzoladi.
Shuningdek, forum doirasida, Miller va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar o‘rtasida o‘tgan ishchi uchrashuvda Strategik hamkorlik shartnomasi imzolangan. Hujjat tabiiy gazni yetkazib berish, tashish va qayta ishlash, shuningdek, uni geologiya-qidiruv va qazib olish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Forumda so‘z olgan Miller hozirda Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi va Qozog‘iston Ostona shahrini gazlashtirish uchun yetkazib berish yo‘nalishi ustida ishlayotgani, kompaniya Qozog‘iston va O‘zbekistonga yetkazib berish hajmini oshirish uchun yangi yo‘nalishlar va Buxoro-Ural gaz quvurini ham ko‘rib chiqayotganini bildirgan.
Shuningdek, uning aytishicha, Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi gaz sohasidagi hamkorlik 15 yilni tashkil etadi, uzoq muddatli hamkorlik shartnomasi 2024 yil o‘rtalarida tuzilishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 7 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berishga start bergan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston har yili Rossiyadan tijoriy shartnoma asosida 2,8 milliard kub metr gaz sotib oladigan bo‘ldi.
LiveBarchasi