Rossiya O‘zbekistonni 15 yillik gaz qopqoniga tushirmoqchimi?
Tahlil
−
02 noyabr 2023
14108Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi rahbari Aleksey Miller 1 noyabr kuni Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumida jiddiy signal berdi. Uning aytishicha, Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi gaz sohasidagi hamkorlik 15 yilni tashkil etadi, uzoq muddatli hamkorlik shartnomasi 2024 yil o‘rtalarida tuzilishi mumkin.
“Biz hamkorligimiz uchun uzoq muddatli shartnoma asosini yaratmoqdamiz, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlik ufqini – 15 yilni belgilab oldik. Forumda bo‘lib o‘tgan va bo‘lib o‘tadigan uchrashuv va muzokaralar Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan 2024 yilning o‘rtalariga qadar kelgusi 15 yilga hamkorlik qilish uchun qonuniy kuchga ega bo‘lgan shartnomaviy asos yaratish maqsadida joriy davrda memorandumlar imzolashga qaratilgan”, deydi Miller.
Millerning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatlar iqtisodiyoti yuqori sur’atlarda rivojlanmoqda, tomonlar Rossiya gazini yetkazib berishni yanada kengaytirish, Markaziy Osiyo – Markaz gaz quvurlari tizimi orqali Qozog‘istonda gaz tashish quvvatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda. Bu nafaqat tranzit quvvatlariga, balki ushbu mamlakatlardagi iste’molchilarga Rossiya gazini yetkazib berishga ham tegishli.
Shuningdek, Millerga ishonilsa, hozirda Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi va Qozog‘iston Ostona shahrini gazlashtirish uchun yetkazib berish yo‘nalishi ustida ishlamoqda, kompaniya Qozog‘iston va O‘zbekistonga yetkazib berish hajmini oshirish uchun yangi yo‘nalishlar va Buxoro-Ural gaz quvurini ham ko‘rib chiqmoqda.
“Biz bilamizki, uzoq chegarani hisobga olgan holda – Qozog‘istonning ko‘plab hududlari bevosita Rossiya Federatsiyasining hududlari bilan chegaradosh – va tabiiyki, Qozog‘istonning shimoliy, shimoli-sharqiy viloyatlarini Rossiya hududidan gaz bilan ta’minlash va gazlashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish va buning uchun yangi gaz transporti yo‘nalishlarini, xususan, Ostona shahrini gazlashtirishni nazarda tutuvchi yo‘nalishni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Aytishim mumkinki, biz hozirda shunday yo‘nalish ustida birgalikda ishlayapmiz, texnik-iqtisodiy asoslash allaqachon amalga oshirilgan”, degan “Gazprom” rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytirish uchun kompaniya yangi yo‘nalishlar va mavjud Buxoro-Ural gaz quvurini ham o‘rganmoqda:
“Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvurini rekonstruksiya qilish doirasida kelgusi yillarda nimalar qilishimizni tahlil qilishdan tashqari, biz mavjud Buxoro – Ural gaz transport koridorini, shuningdek, paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi gaz transporti yo‘nalishlarini ham ko‘rib chiqmoqdamiz”.
Bundan tashqari, “Gazprom” O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston orqali uchinchi davlatlarga gaz tranzitini istisno qilmaydi.
“Ha, bunday imkoniyat ham mavjud. Biz ushbu davlatlar taqdim eta oladigan tranzit imkoniyatlari haqida ham gaplashdik. Birinchi navbatda, albatta, bu mamlakatlarning, hamkorlarimiz, do‘stlarimizning ehtiyojlari. Ammo bunday imkoniyat ham bor”, degan Miller.
O‘zbekiston ham Rossiya gazini yanada ko‘proq sotib olishi mumkinligini istisno qilmayapti. Bu haqda forumda so‘zga chiqqan Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov so‘z ochgan. Uning bildirishicha, hozirda Rossiya gazining O‘zbekistonga tranziti barqaror, tomonlar respublikaga yangi gaz yetkazib berishni muhokama qilmoqda.
“Kundalik hajmlar, shartnoma majburiyatlari bajarilmoqda, hech qanday muammo yo‘q”, deydi Mirzamahmudov.
Shu bilan birga, qayd etilishicha, O‘zbekiston va “Gazprom” asosan kuz-qish mavsumining eng yuqori cho‘qqisiga mo‘ljallangan bo‘lajak yetkazib berish hajmlarini muhokama qilmoqda. Mirzamahmudov, iqtisodiy rivojlanishni hisobga olgan holda [yangi yetkazib berish] ko‘rib chiqilishi va hisob-kitob qilinishini bildirgan:
“Biz neftni qayta ishlash o‘sishini hisobga olgan holda neft ustida ham ishlayapmiz, lekin bu yerda iste’molchi kompaniyalar darajasida ko‘proq ish olib borilmoqda. Biz neftni ham, neft mahsulotlarini ham import qilamiz va buni kengaytirishga tayyormiz”.
Saknt-Peterburgda o‘tgan forum doirasida Rossiyaning “Gazprom” ochiq aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida energetika kompleksi sohasida hamkorlik bo‘yicha strategik memorandum imzolandi. Hujjatni Miller va Mirzamahmudov imzolagan. Hujjatga ko‘ra, tomonlar gaz ta’minoti va tashish sohasida, shuningdek, uglevodorodlarni geologiya-qidiruv va qazib olish sohasida hamkorlikni rivojlantirish niyatida.
Tomonlar oktyabr oyida boshlangan Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga yetkazib berish masalasini ham muhokama qilgan.
Shuni eslatib o‘tish o‘rinliki, joriy yilning 7 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berishga start bergan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston har yili Rossiyadan tijoriy shartnoma asosida 2,8 milliard kub metr gaz sotib oladigan bo‘ldi.
LiveBarchasi