Qozog‘istonliklar ham toliblar bilan aloqa qilishni boshladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Qozog‘istonning Afg‘onistondagi elchisi Alimxon Yesengeldiyev kecha, 26 sentyabr kuni Qobulda “Tolibon” harakati tomonidan tayinlangan Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Mottaki bilan uchrashdi. Bu qozog‘istonlik yuqori darajadagi vakilning harakat rahbarlaridan biri bilan birinchi aloqasi bo‘ldi, deb xabar bergan “vlast.kz”. 

“Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-sotiqni rivojlantirishning muhimligini ta’kidladi va savdo-sotiq sohasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga va’da berdi”, deb yozgan “Tolibon” vakili Twitter’da. 

“Tolibon”ning boshqa bir vakiliga ko‘ra, elchi Qobuldagi xavfsizlik holatidan mamnunligini bildirgan va Afg‘onistonga gumanitar yordam yetkazishga chaqirgan. 

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi hozircha bu uchrashuv haqida hech qanday ma’lumot bermagan. Mamlakat rasmiylari avvalroq, Afg‘onistonning yangi rahbariyati bilan aloqalar o‘rnatish zarurligini bildirgan edi. Qozog‘iston so‘nggi yillarda Afg‘oniston rasmiylari bilan mustahkam savdo aloqalariga ega bo‘lib, mamlakatga don, un va yoqilg‘i sotadi. 

“Tolibon” Qobulni egallab olganidan so‘ng, Qozog‘iston diplomatlar va ularning oilalarini faqat bir qismini mamlakatdan olib chiqib, o‘z elchixonasini to‘liq tark etmagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 14 sentyabr kuni Afg‘onistonning Balx viloyatida O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev hamda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov “Tolibon” vakillari bilan uchrashgandi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 15 avgust kuni mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqatni shakllantirdi


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Tolibon

Baholaganlar

75

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing