“Rossiya buyuk, lekin haqiqat undan-da buyuk”. Xitoy ham Ukrainani, ham Rossiyani qo‘llab chiqdi
Olam
−
26 fevral 2022
24349Xitoy barcha mamlakatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat hamda himoya qilish tarafdori. Ushbu pozitsiya izchil va aniq, u Ukrainaga ham taalluqli. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bayon qilgan Ukraina atrofidagi vaziyat yuzasidan Pekinning beshta tezisida keltirilgan.
Van Ining qayd etishicha, NATOning sharq tomon kengayishining ketma-ket besh bosqichida Rossiyaning xavfsizlik bo‘yicha qonuniy talablari jiddiy qabul qilinishi va tegishli tarzda ko‘rib chiqilishi kerak. Xitoy umumiy, keng qamrovli va barqaror xavfsizlik konsepsiyasi tarafdori. Mintaqaviy xavfsizlikni harbiy guruhlarni kuchaytirish yoki hatto kengaytirish yo‘li bilan ta’minlab bo‘lmaydi.
“Xitoy Ukrainadagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda, hozirgi holat — biz ko‘rishni istagan narsa emas. Ukrainadagi vaziyat yomonlashishi yoki nazoratdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur sharoitlarni yaratish kerak. Tinch aholining hayoti va mulk xavfsizligi yirik gumanitar inqirozlarning oldini olish uchun samarali kafolatlanishi lozim”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, Xitoy Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilishga yordam beradigan barcha diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi va rag‘batlantiradi. Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri dialog va muzokaralarning tezroq boshlanishini olqishlaydi. Ukraina Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lishi kerak, buyuk kuchlar to‘qnashuvining chegarasi emas.
“BMT Xavfsizlik kengashi Ukraina masalasini tartibga solishda konstruktiv rol o‘ynashi, shuningdek, mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va barcha mamlakatlar umumiy xavfsizligiga ustuvor ahamiyat berishi kerak”, deyiladi bayonotda.
Van Iga ko‘ra, tinchlik va xavfsizlik haqida gap ketganda, Xitoy eng yaxshi natijalarga erishgan yirik davlatdir. U hech qachon boshqa mamlakatlarga bostirib kirmagan, hech qachon ta’sir doiralarini qidirmagan, proksi urushlarda va harbiy bloklar to‘qnashuvlarida qatnashmagan. Xitoy tinch taraqqiyot yo‘lidan boradi va insoniyat kelajagi umumiy bo‘lgan hamjamiyat qurish tarafdori.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi