Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat rejimi yumshatildi
Jamiyat
−
13 iyul 2022
9811Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi vaziyatning barqarorlashgani va hudud aholisining odatdagi hayot tartibiga qaytayotganini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qoraqalpog‘iston hududida joriy etilgan favqulodda holat rejimi yumshatildi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Endilikda komendantlik rejimi “soat 21:00 dan soat 7:00 ga qadar” o‘rniga “soat 23:00 dan soat 5:00 ga qadar” amal qiladi.
Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi 2022 yil 2 iyuldagi Prezident farmoniga tegishli o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi farmon davlat rahbari tomonidan imzolangan va Oliy Majlis palatalariga tasdiqlash uchun yo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.