Qorabog‘ga otlanayotgan Erdo‘g‘an hududni minalardan tozalashga chaqirdi
Olam
−
11 iyun 2021
4959Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjonning Armanistondan ozod qilingan hududlaridagi minalashtirilgan maydonlar muammosini tezroq bartaraf etishga chaqirmoqda. Bu haqda u bugun, 11 iyun kuni jurnalistlar bilan muloqoti vaqtida aytib o‘tgan.
“Biz barcha tomonlarga, ayniqsa, minalar va portlamagan qurol-yarog‘larga aloqador bo‘lganlarga murojaat qilamiz. [Hududni] minadan tozalash jarayonini qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz”, degan Turkiya yetakchisi Armaniston Qurolli Kuchlari tomonidan yotqizilgan minalar masalasiga izoh berib.
Juma namozidan keyin jurnalistlar bilan suhbatlashgan Turkiya rahbari kelgusi hafta Ozarbayjonga bo‘lajak tashrifi davomida u 2020 yil kuzidagi harbiy harakatlar vaqtida ozod qilingan Qorabog‘dagi Shusha shahriga tashrif buyurishini eslab o‘tgan.
“Men ukam Ilhom Aliyev bilan Shusha shahrida uchrashamiz va shartnoma imzolaymiz. Bu Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli hujjat”, degan Rajab Toyib Erdo‘g‘an.
Turkiya Prezidenti shuningdek, NATOning davlat rahbarlari sammitidagi ishtirokidan qanday natijalar kutayotgani haqida ham fikrlarini bildirgan. Erdo‘g‘an shu bilan birga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda rasmiy Anqara va Parij munosabatlaridagi ijobiy va salbiy jihatlarni muhokama qilmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, Rajab Toyib Erdo‘g‘an joriy yilning 14 iyun kuni NATO sammiti vaqtida AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan ham muzokara o‘tkazadi.
Ozarbayjon joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston bilan boshlangan qurolli to‘qnashuvlardan keyin noryabr oyiga kelib Tog‘li Qorabog‘ni mustamlakadan ozod qildi. Qorabog‘ yerlari 29 yillik arman mustamlakasidan yana Ozarbayjonga qaytdi. Rasmiy Baku ayni vaqtda ushbu hududlar o‘tgan yillar davomida vayronaga aylantirilib, tarixiy obidalar yo‘q qilingani, infratuzilma ishdan chiqqani, bu ham yetmagandek, arman Hukumati hududlarga minalar o‘rnatgani va Qorabog‘ yerlari Ozarbayjon qo‘liga o‘tganiga qaramay, minalangan yerlar xaritasini bermay kelayotganini ta’kidlamoqda. Kuni kecha ushbu minalangan hududlarda Ozarbayjon jurnalistlari o‘tirgangan avtomobil portlab ketdi. Oqibatda 3 kishi – ikki jurnalist va bir amaldor qurbon bo‘ldi. Mamlakat vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva murojaat bilan chiqib, xalqaro hamjamiyat, xalqaro jurnalistlar huquqlari himoyachisi sifatida o‘zini namoyon etib kelgan nohukumat tashkilotlar jurnalistlarning minalangan hududlarda qurbon bo‘lganiga panja ortidan qarab, Armanistonning harakatlariga ko‘z yumib kelayotganini ta’kidlagan edi.
Joriy yilning 27 may – 4 iyun kunlari O‘zbekistondagi 2 mingga yaqin ommaviy axborot vositalari orasida faqatgina QALAMPIR.UZ muxbiri birinchi bo‘lib Ozarbayjonning urush kechgan hududlarida, jumladan Ganja shahrining raketa zarbasidan vayron tumani va Qorabog‘ning Ag‘dam, Fuzuli tumanlarida bo‘lib qaytdi. Jurnalist Feruza Najmiddinova Fuzuli va Ag‘dam tumanlarida minalangan hududlar borligiga o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘lganini aytadi.
LiveBarchasi