Qorabog‘da Eronni Ozarbayjonga qarshi gijgijlash boshlandi

Olam

image

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi (TQR) mintaqadagi mojaroga Eronni ham aralashtirmoqchi chog‘i. Aks holda Eronni Ozarbayjonga qarshi qayramagan bo‘lardi.

Tan olinmagan TQR Prezidenti vakili David Babayan Ozarbayjon Qurolli kuchlari janubiy yo‘nalishda Qorabog‘ mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishga urinayotganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon askarlarining asosiy nishoni Eron ehtiyojlari uchun xizmat qiluvchi Araks daryosidagi suv ombori.

“Ularning maqsadi Eronga ta’sir o‘tkazish uchun suv omborini o‘z nazoratiga olish. Bunday harkatlar biz tomonimizdan qat’iy qarshilik bilan kutib olinadi. Ammo raqib faol harakatlarni davom ettirishiga ishonchimiz komil”, degan Babayan o‘zaro sulh saqlab qolinishiga umid bildirib.

Qayd etilishicha, Qorabog‘dagi aholi yashash punktlarida tun sokin o‘tgan Ozarbayjon sulhga amal qilib hujumga o‘tmagan.

Avvalroq, Ozarbayjon va Armaniston Qorabog‘dagi to‘qnashuvlarni to‘xtatish bo‘yicha gumanitar sulh tuzgani haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon va Armaniston Rossiya vositachiligida Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatishga kelishgandi. Sulh asirlar va jasadlarni almashish maqsadida tuzilgandi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar.


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

200

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing