Qodirova jabrlanuvchi yoki...? Prokuror kutilmagan taxminni o‘rtaga tashladi
Olam
−
01 Oktabr 2019
12880Avvalroq, Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi deputati, nafaqadagi general Shirin Unalning uyida oqsoch bo‘lib ishlayotgan 23 yashar o‘zbekistonlik Nodira Qodirova generalning to‘pponchasi bilan o‘zini otib, joniga qasd qilgani haqida xabar bergan edik.
Prokuratura deputatning uyida joniga qasd qilgan o‘zbekistonlik bo‘yicha surishtiruv boshlagandi. Mazkur surishtiruvda prokuror Qodirovaning fohishalik bilan shug‘ullanganini taxmin qilyapti.
“Jumhuriyat” gazetasining xabar berishicha, turk prokurori Laylo Niyozovadan ko‘rsatma olish asnosida undan: “Dugonangizni fohishalikka undaganmidingiz?”, deb so‘ragan.
Laylo prokurorning bu gumonini rad etgan.
“Men go‘yoki Nodirani fohishalikka undaganim yoki unga buning uchun sharoit yaratib berganim haqidagi da’volar noto‘g‘ri. Men Lolali tumanidan tekstil mahsulotlarini sotib olib, O‘zbekistonga yuborish bilan tirikchilik qilaman. Zarurat bo‘lsa, cheklarni ko‘rsatishim mumkin. Nodira hech qachon men yashayotgan uyda tunab qolmagan”, degan u.
Niyozova o‘z ko‘rsatmasida marhum dugonasi bilan bir muddat arazlashib, keyin yarashib olganini tan olgan.
“Lekin o‘rtamizdagi kelishmovchilikka go‘yoki men uni fohishalikka undaganim sabab bo‘lgani yo‘q. Chunki bunday narsa umuman bo‘lmagan”, deb tushuntirgan Laylo Niyozova.
Niyozovaning so‘zlariga ko‘ra, Nodira bilan bundan oldingi suhbatlarida dugonasi deputat unga yopishgani haqida gapirib bergan.
“23 sentyabrga o‘tar kechasi u menga telefon qilgandi. Biz ikki soat gaplashdik. U tinmay yig‘lardi. “Laylo, charchab ketdim, hammasidan to‘ydim”, dedi. Nima bo‘lganini so‘raganimda ayta olmasligini aytib yig‘lardi. “O‘zimni o‘ldiraman”, deyayotgandi. Kimdir xafa qildimi, deb so‘radim. U esa siqilib ketganini aytdi.
17 sentyabrda oldimga kelmoqchi edi. Xo‘jayinining qizi ruxsat bermaganini aytdi. “Nimalar bo‘layotganini tushuna olmayapman”, dedi. Aytishini qat’iy talab qilganimdan keyin esa shunday dedi: “Ikki hafta oldin xonamda yotganimda xo‘jayin kirib keldi, xonani qulflab, ort tomonimga kelib yotdi, meni quchoqladi”.
Tajovuz qildimi, deb so‘radim. “Yo‘q, tegmadi”, dedi-yu yig‘lab yubordi. “Orzularim so‘ndi, endi akamning yuziga qanday qarayman?”, dedi. Hech kimga aytmaslikka so‘z berishimni so‘radi.
“Uyda xo‘jayinning to‘pponchasini topib oldim. Bitta o‘qni poyabzalimga yashirib qo‘ydim”, dedi. Hayotida biron marta bo‘lsin pichoq saqlab yurgan qiz emasdi, shuning uchun uni hazillashyapti deb o‘yladim. Bunaqa qilishini umuman kutmagandim”, deb hikoya qiladi Laylo Niyozova.
Eslatib o‘tamiz, marhumning akasi Muhammadali Qodirova sud-tibbiy ekspertizasi noodatiy tarzda tez xulosa berganidan shubhada. Bundan tashqari, jasad deputat Shirin Unalning xarajatlarni qoplab berishi bilan tezda O‘zbekistonga jo‘natilgani ham jamoatchilikda shubha uyg‘otmoqda.
LiveBarchasi