Qochqinlarni 2 yilda “haydab solamiz” – Erdo‘g‘anning ayol raqibi

Olam

image

Joriy yilning 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan Turkiyada prezidenti saylovi ikkinchi turida muxolifat nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li g‘alaba qozonsa, yangi Hukumat shu yilning sentyabridanoq mamlakatga kirib olgan qochqinlarni 2 yilga qolmay Suriyaga qaytarib yuboradi. Bu haqda Kamol Qilichdoro‘g‘li nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun "Millat Ittifoqi"ga qo‘shilgan “Yaxshilik” partiyasi raisi Meral Akshenar “FOX TV” telekanalining jonli efirida ma’lum qilgan. 

“Agar saylovda g‘alaba qozonsak, sentyabr oyidan boshlab barcha qochqinlarni 2 yil ichida Suriyaga qaytarib yuboramiz. Biz, 6 siyosiy partiya umumiy bayonot matnimizda bunga kelishib oldik. Janob O‘zdog‘ (“Zafar” partiyasi raisi – tahr.) 1 yil muddatni aytdi, men uchun muammo yo‘q, iloji bo‘lsa, 1 yilda jo‘natish mumkin”, deydi Meral Akshenar.   

Shuningdek, u so‘zini davom ettirarkan, mamlakatdagi boshqaruvni hozirgi prezidentlikdan parlament tizimiga qaytarish kerakligini aytdi. U “Jumhuriyat xalq” partiyasi raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li ikkinchi turda prezident etib saylansa, muvozanat va nazorat ta’minlanishini ta’kidladi.

“Ayniqsa, (Erdo‘g‘an rahbarligidagi) “Adolat va taraqqiyot” partiyasi saylovchilari, janob Erdo‘g‘anni juda yaxshi ko‘radiganlar bu saylovda janob Qilichdoro‘g‘liga ovoz berishi kerak, toki biz parlamentar demokratiyaga o‘taylik va bu qasos biznesidan voz kechaylik, Turkiya Respublikasi qanday qurilgan bo‘lsa, o‘sha asosiga qaytsin”, deydi Meral Akshenar. 

14 may kuni saylov natijalari haqidagi savolga esa Akshenar, saylovda birinchi turda g‘alaba qozonishlariga chin dildan ishonganliklarini, ammo g‘alaba qilolmaganlarida bu holatning sabablari muhokama qilinganini aytdi. 

U Turkiya fuqaroligini olgan xorijliklar soni to‘liq ma’lum emasligini qo‘shimcha qildi. 

“Turkiya fuqaroligini olgan xorijliklar soni haqida turli taxminlar bor, lekin men bu saylovda yutqazsak, keyingi saylovlarda kamida 1,5-2 million boshpana izlovchi bo‘lishini da’vo qilaman”, deydi u.

Akshenar, 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan ikkinchi tur ovoz berishning ham qochqinlar bo‘yicha referendum bo‘lishini, jamiyatning ko‘p qismi qochqinlar “ketishi kerak” degan fikrda ekanini urg‘uladi. U bu masalaga to‘xtalarkan, Erdo‘g‘an Hukumati qochqinlarga konteyner uylar lagerlari qurgani bilan muammo yechilmasligini bildirdi. 

“Konteyner uylari bilan qochqinlar muammosiga yechim topish mumkin emas. Yevropa Ittifoqi, AQSH, Rossiya, Asad, Turkiya birga o‘tirib qochqinlarni yuborishi kerak. Bu xalqaro huquq doirasida mumkin. Asad har yili amnistiya e’lon qiladi, xalqaro huquqqa ko‘ra, asosiy masala hayot xavfsizligi. Demak, har safar u yerda amnistiya e’lon qilinganda, siz odamlarni yuborish huquqiga egasiz, ayniqsa, qochqinlarni bir zumda deportatsiya qilish imkoniyati bor”, deydi “Yaxshilik” partiyasi raisi.

Qayd etish joizki, "Millat Ittifoqi"dan Erdo‘g‘anga qarshi nomzod "Jumhuriyat Xalq" partiyasi raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li ham saylovoldi dasturida prezidentlik kursisiga o‘tirgach, ilk qiladigan ishi qochqinlarni mamlakatdan chiqirib yuborish ekanini qayd etgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 14 may kuni Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkazildi. Birinchi tur yakunlari bo‘yicha Erdo‘g‘an 49,51%, Qilichdoro‘g‘li 44,88% ovoz to‘pladi. Birinchi turda g‘alaba qozonish uchun nomzodga 50 foizdan ortiq ovoz kerak edi, shuning uchun 28 may kuni saylovning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Saylovning ikkinchi turida ikki nomzod – Erdo‘g‘an va Qildichdoro‘g‘lidan qay birining g‘alaba qilishi ko‘p jihatdan Sinan Og‘anga bog‘liq bo‘lib qolayotgan edi. Boisi birinchi turda 5,17 ovoz olgan Sinan Og‘an ikkinchi turda ishtirok etmaydi va u o‘z tarafdorlarini qaysi nomzodga ovoz berishga yo‘naltirsa, o‘sha tomon g‘alaba qilish ehtimoli katta. Og‘an esa amaldagi davlat rahbarini qo‘llashini aytdi

Ma’lumot uchun, Erdo‘g‘an ikki marta referendumda konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Eng fundamental o‘zgarish 2017 yilda umumiy ovoz berishda ma’qullangan. O‘shanda parlament boshqaruvi tizimi prezidentlik tizimiga almashtirilgan va Bosh vazir lavozimi bekor qilinib, Prezident vakolatlari kengaytirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Meral Akshenar Turkiya Prezidenti saylovi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing