Tramp Suriyadagi voqealar ortida Turkiya turganini aytdi (video)

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp kecha, 16 dekabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Suriyani “do‘stona tarzda egallab olish” ortida turganini aytdi va shu oy boshida Bashar Asad hukumatining qulashiga ishora qildi. Bu haqda u o‘zining Mar-a-Lagodagi qarorgohida jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

“U juda aqlli va qattiqqo‘l odam. Lekin Turkiya ko‘p odamlarning hayotiga zomin bo‘lmay, do‘stona tarzda hokimiyatni egallab oldi. Aytishim mumkinki, Asad qassob bo‘lgan, uning bolalarga qilgan ishi shuni ko‘rsatadi. Turkiya Suriyada Asad hukumatining qulashi ortida turgan. Hozir hokimiyat tepasiga kelganlar Turkiyaning nazorati ostida”, degan Tramp.

Tramp jurnalistlarning Suriya shimoli-sharqidan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketasizmi, degan savoliga rad javobini berdi. U, shuningdek, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan suhbati yaxshi o‘tganini eslatib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni hal qilish Rossiya-Ukraina urushidan ko‘ra osonroq bo‘lishini aytdi.

Tramp bir paytlar Suriyada AQSH harbiylarining bo‘lishiga qarshi chiqqan va 2018 yilda prezident sifatidagi birinchi davrida mamlakatdan 2000-2500 amerikalik askarni olib chiqishni buyurgan. 16 dekabr kuni ham u Suriyadagi qolgan 900 nafar amerikalik askar endi xavf ostida emasligi, chunki “boshqa tomon yo‘q qilingani”ni aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Wall Street Journal” nashri amerikalik rasmiylarga tayanib, Turkiya Suriya bilan chegarada qo‘shinlar to‘playotgani, bu esa uning keng ko‘lamli bosqinga tayyorlanayotganini ko‘rsatishi mumkinligi haqida yozgandi. Ularning aytishicha, AQSH Turkiya “Suriya bilan chegarada qo‘shinlar to‘playotgani”dan xavotirda. AQSH rasmiylaridan biriga ko‘ra, Turkiya operatsiyasi yaqinlashayotgan bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing