Turkiyada prezidentlik saylovlari 2-turga qoldirildi
Olam
−
15 may 2023
6715Turkiya Markaziy saylov komissiyasi raisi Ahmet Yener mamlakatda saylov qutilari soni 100 foiz ochilgani, ishtirok etish darajasi 88,92 foizni, xorijda esa 52,69 foizni tashkil etganini va saylovning 2-turi o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu haqda “TRT Haber” xabar berdi.
Natijalarga ko‘ra, Rajab Toyib Erdo‘g‘an 49,51%, Kamol Qilichdoro‘g‘li 44,88%, Sinan O‘g‘an 5,17% va Muharrem Inje 0,44% ovoz olgan.
Mazkur natijalar prezidentlik saylovlaridagi nomzodlarga saylanish huquqini bera olmagani uchun saylovning ikkinchi bosqichini 28 may kuni o‘tkazishga qaror qilingan.
Ahmet Yener saylov natijalarini e’lon qilar ekan, ovoz berish jarayonida vafot etgan fuqarolarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
“Ovoz berish jarayonida halok bo‘lgan fuqarolarimizning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz. Og‘ir ish davrini o‘tkazgan muassasadagi hamkasblarimga, saylovchilarimizga, saylov qutilari oldidagi davlat xizmatchilariga mehnatlari uchun minnatdorchilik bildiramiz”, degan Ahmet Yener.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 may kuni Turkiyada bo‘lib o‘tgan parlament va prezidentlik saylovlari davomida mamlakatning turli viloyatlaridagi saylov uchastkalarida uch kishi halok bo‘lgandi. Bundan tashqari, Shanliurfa viloyatida turli siyosiy qarashlar sabab ikki mahalliy klan a’zolari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv kelib chiqqandi.
LiveBarchasi