“Qizlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti”. Prezident ham telekanallardagi seriallarni tanqid qildi
Jamiyat
−
01 mart 2022
11176Bugun, 1 mart kuni bo‘lib o‘tgan videoselektr yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev telekanallarda efirga uzatilayotgan ayrim seriallarni tanqid qildi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Asadovga ko‘ra, yig‘ilishda bugun telekanallarda namoyish qilinayotgan seriallarda xotin-qizlar obrazi juda yuzaki, salbiy bo‘yoqlarda tasvirlanayotgani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani aytilgan.
Prezident bunday holatlar dunyoqarashi hali shakllanmagan qizlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlagan. Shuning uchun, mutasaddilarga ibratli xotin-qizlar obrazlari aks ettirilgan yuksak badiiy, kino va sahna asarlari yaratish choralarini ko‘rish, buning uchun ijodkorlarga maqsadli grantlar ajratish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
“Shu o‘rinda, oqila qizlarimizga ko‘nglimdagi bir fikrni aytmoqchiman. Bugun biz ochiq jamiyatda yashayapmiz. Bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, ilg‘or g‘oyalarni o‘zlashtirishimiz kerak. Lekin, milliy qiyofamizga putur yetkazadigan illatlardan ehtiyot bo‘lishimiz, o‘zligimizni yo‘qotmasligimiz shart”, deydi davlat rahbari.
Shuningdek, Mirziyoyev ibo-hayo, poklik, sabr, shukronalik, ilmga intilish singari ezgu qadriyatlarni targ‘ib qiladigan mobil ilovalar va internet platformalarini yaratish muhim ekanligini ham qo‘shimcha qilgan.
“Sabriya” mashmashasi
Avvalroq, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qilgan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganini bildirdi.
Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.
Oradan ko‘p o‘tmay, “Sevimli” telekanali Bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylandi. Shuningdek, shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan.
20 yanvar oqshomida “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi.
Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi.
Keyinroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Bosh prokuratura Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish ochgani ma’lum qilindi. Biroq mahkama negadir ish sudga oshirilib, ko‘rish boshlangach, axborot berilgani kutilmagan bo‘ldi.
LiveBarchasi