“Qizil maydonga o‘zbekcha yozilsa, keyin o‘ylab ko‘rishimiz mumkin”. Deputat Tojiyev Lavrovga javob qaytardi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekistonga kelgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqand shahridagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qo‘yish chog‘ida u yerda yozilgan gaplar rus tilida ham keltirilmaganini aytib, norozi bo‘lgandi. Bu holatga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev munosabat bildirdi

Deputat o‘zbek xalqi tilni majburiyat emas, imkoniyat deb tanlashini, xorij tilini sun’iy targ‘ib qilish muhabbat emas, qarshi munosabat uyg‘otishini aytgan. Qolaversa, Tojiyev hurmat talab qilinmasligi, u singishini urg‘ulagan.

“P.S. Moskva Bosh maydoniga o‘zbekcha ham yozilsa, keyin o‘ylab ko‘rishimiz mumkin”, deya qo‘shib qo‘ygan deputat har yili 9 mayda parad o‘tkaziladigan Moskvadagi Qizil maydonga ishora qilib.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kecha, 22 aprel kuni O‘zbekistonga keldi. Sergey Lavrovni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kutib oldi. Bugun, 23 aprel kuni u Samarqand shahridagi “Motamsaro ona“ haykali poyiga gul qo‘yish chog‘ida u yerda yozilgan gaplar rus tilida ham keltirilmaganini aytib, norozi bo‘ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov mazkur holatga munosabat bildirib, rus siyosatchilari O‘zbekistonda rus madaniyati va rus tiliga bo‘lgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yo‘llarni sinab ko‘rayotganini aytdi.

Lavrovga qaytadigan bo‘lsak, u Baxtiyor Saidov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Lavrov O‘zbekiston rahbariyatiga Rossiyaning Ukraina inqirozini hal qilish uchun AQSH bilan aloqalari haqida axborot berganini aytdi. Shuningdek, u Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistondan Rossiyaga borayotgan mehnat migrantlari rus tili va Rossiya qonunlarini bilishi kerakligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Sergey Lavrov Odiljon Tojiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing