Qirg‘izistondagi vaziyat: Siyosiy partiyalar bir-birini tan olmaydigan ikkita kengashga birlashdi

Olam

image

Qirg‘izistondagi siyosiy inqiroz borgan sari chigallashib boryapti. Mamlakatda birdan ikkita Muvofiqlashtirish kengashi tuzildi.

Kecha, 6 oktyabr kuni nisbatan yirik muxolif partiyalar: Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi, “Respublika”, “Ata Meken”, “Butun Qirg‘iziston”, “Bir bol”, “Zamondosh”, “Reforma” va “Ordo” birlashib, siyosiy inqirozdan chiqish uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzganini e’lon qilgandi.

Bu Kengashga Adaxon Madumarov yetakchi qilib saylandi. Tuzilma amaldagi paralamentning qonuniyligini tan olishini e’lon qildi va deputatlarni Xalq ishonchi Hukumatini tasdiqlashga chaqirdi.

Ammo bu kengashga qarshi bir guruh siyosiy kuchlar Xalq Muvofiqlashtirish kengashini tuzdi. Kengashga “Chon-Kazat”, “Ordo”, “Meken Intimagi”, “Reforma”, “Iymon nuri” partiyalari kirdi.

Ular Sadir Japarov nomzodi Bosh vazir lavozimiga ko‘rsatilganini tan olmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, kengash amaldagi parlamentni tarqatib yuborishini ochiqladi.

Bir so‘z bilan aytganda Qirg‘izistonda bir-birini inkor qiluvchi siyosiy guruhlar o‘rtasida kurash ketyapti. Achinarlisi bu qarama-qarishilik parlament uchun qayta saylov o‘tkazish bilan bosilmasligi ehtimoli yuqori. Mamlakat Prezidenti Sooronbay Jeenbekov esa jim. U nimalar bilan bandligi haqida ma’lumot yo‘q. So‘nggi bor Jeenbekov vaziyatni kuzatayotgani va tomonlarni murosaga keltirish yo‘llarini qidirayotgani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

223

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing