Qirg‘izistonda O‘zbekiston bilan chegara kelishuviga qarshi chiqqanlar qo‘lga olindi
Olam
−
24 Oktabr 2022
17819Kecha, 23 oktyabr kuni Qirg‘izistonda Kampirobod suv omborini O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqqan 22 kishi hibsga olindi. Bu haqda DW nashri mahalliy OAVga tayangan holda xabar berdi.
Gap shundaki, hibsga olingan shaxslar, “Kampirobodni himoya qilish qo‘mitasi”ni tuzishda qatnashgan. Ular O‘zbekiston tomoni suv omborini o‘z ixtiyoriga olganidan so‘ng davlatlar o‘rtasidagi shartnoma majburiyatlarini bajarmasligi mumkinligini, suv ombori hududi hech qachon mamlakatlar o‘rtasida tortishuv ob’ekti bo‘lmaganini iddao qilib, shuning uchun bu yerlarni O‘zbekistonga topshirish to‘g‘ri emas, deb hisoblayapti.
Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Kampiroboddagi mitinglar ortida kim turgani haqida ma’lumotlarga egaligini aytgan.
Hibsga olingan shaxslar orasida bir qator qirg‘izistonlik siyosatchilar va hukumat idoralarining sobiq xodimlari bor. Jumladan, parlament sobiq deputati Asiya Sasikbayeva, Konstitutsiyaviy sudning sobiq a’zosi Klara Sooronkulova, MSK sobiq a’zosi Gulnora Jurabayeva, sobiq deputat Kubanichbek Kadirov, Qirg‘izistonning Malayziyadagi sobiq elchisi Azimbek Beknazarov va o‘nlab muxolifatchilar hibsga olingan. Ularning barchasi mamlakatda tartibsizliklar uyushtirish ishi bo‘yicha tergov doirasida 48 soatga Bishkekdagi vaqtinchalik hibsxonaga jo‘natilgan.
Shuningdek, sud Qirg‘iziston parlamentining sobiq spikeri Kanat Isayevga nisbatan alohida ehtiyot chorasi tayinladi – u ommaviy tartibsizliklarni uyushtirganlikda ayblanib, bir oy muddatga tergov izolyatoriga joylashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 sentyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘izistonga borib, chegara borasida kelishuvni boshlash to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagandi.
6 oktyabr kuni, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zaro chegaralarni kelishish davomida rasmiy Bishkek bahsli yerlarning 99 foizini olganini va o‘z yerlarini O‘zbekistonga bermaganini aytib chiqdi.
10 oktyabr kuni, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonga jami 19 ming gektardan ortiq yer olib, O‘zbekistonga esa Kampirobod suv ombori akvatoriyasidagi 4485 gektar yer berilishini ma’lum qilgandi. Suv omborini ikki davlat birgalikda boshqarishiga kelishilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi