O‘zbekistonga 4,4 ming, Qirg‘izistonga 19,6 ming gektar. Chegara bo‘yicha kelishuv tafsilotlari ochiqlandi
Olam
−
10 Oktabr 2022
50020Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuv tafsilotlarini ochiqladi.
Jogorku Keneshning Xalqaro ishlar, mudofaa, xavfsizlik va migratsiya qo‘mitasining 10 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida u imzolangan kelishuv natijalariga ko‘ra O‘zbekiston 4485 gektar, Qirg‘iziston esa 19699 gektar yer olishini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, quyidagi yerlar Qirg‘izistonga o‘tdi:
• G‘ovasoy hududi – 12 949 gektar;
• Ola-Bo‘ka tumanidagi Ko‘k-Serek qishlog‘i – 105 gektar;
• Ola-Bo‘ka tumanidagi Bayastan qishlog‘i – 212 gektar;
• Ungar-Too tog‘i – 35 gektar;
• Qorasuv tumanidagi Oqtosh qishlog‘i – 100 gektar;
• Ola-Bo‘ka tumanidagi Qora-Beles qishlog‘i – 25 gektar (avval O‘zbekiston tarkibida bo‘lgan);
• Shahrixonsoyning bir qismi – 19,5 gektar (kanalning boshi O‘zbekiston yaqinida);
• So‘zak tumanidan qo‘shimcha 500 gektar;
• O‘zgan tumanidan qo‘shimcha 500 gektar;
• O‘rta-To‘qay suv ombori – 1 009,5 gektar (to‘laligicha);
• Ola-Bo‘ka tumanidagi Birinchi may va Ko‘kserek qishloqlari – 1 307 gektar;
• Oqsoy tumanidagi “Aeroport”, Jetigen va Kerben qishloqlari – 571 gektar;
• Nooken tumanidagi Shamaldisoy qishlog‘i – 1 088 gektar;
• Aravon tumani – 148 gektar;
• Qadamjoy tumanidagi Ko‘kdala va Pildiriq hududlari – 1 013 gektar.
Shu bilan birga, Qamchibek Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, Kampirobod suv ombori ostidagi 4485 gektar maydon O‘zbekistonga berilgan. Suv hajmining gorizontal sathi 908 metrdan 900 metrga tushirilgach, 1246 gektar maydon bo‘shagan, ular Qirg‘izistonga o‘tdi.
“Avvallari Kampirobod to‘g‘oniga kirish faqat O‘zbekiston fuqarolari uchun edi. Endi qo‘shma boshqaruv bo‘ladi: Qirg‘iziston va O‘zbekistondan to‘rt kishi. 70 yil davomida suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qarorni O‘zbekiston mustaqil ravishda qabul qilgan. Endi Qirg‘iziston fuqarolari suvdan erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar: ular sug‘orish, chorva mollariga suv berish, baliq ovlash va hatto nasos bilan suv tortish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. O‘zbekiston muhandislik inshootlarini o‘rnatolmaydi”, deydi Tashiyev.
Umumiy hisobda O‘zbekiston 4 485 gektar, Qirg‘iziston 19 699 gektar yer olgan.
“Biz g‘olib bo‘ldik deb ayta olmayman, lekin bir metr ham bekrmadik. Aksincha, muammoli bo‘lgan qo‘shimcha yerlarni oldik. Ba’zilar yomon yerlar oldik deyishyapti, lekin aslida juda yaxshi, unumdor yerlar. U yerda hatto oltin ham bor. O‘zbekiston o‘z vaqtida oltita litsenziya bergan. Shunga qaramay, biz bu yerlarni oldik”, deydi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.
Shartnoma ratifikatsiya qilinganidan keyin Qirg‘iziston xaritasi 15 806 gektarga ko‘payadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 sentyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘izistonga borib, chegara borasida kelishuvni boshlash to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagandi.
Keyinroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zaro chegaralarni kelishish davomida rasmiy Bishkek bahsli yerlarning 99 foizini olganini va o‘z yerlarini O‘zbekistonga bermganini aytib chiqdi.
O‘zbekiston tomoni chegara kelishuvi masalasida chuqur sukut saqlamoqda. Chegaralar o‘zgarishi borasida ma’lumot berilmayapti.
LiveBarchasi