Kampirobodni O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqib qamalganlar ochlik e’lon qildi
Olam
−
23 avgust 2023
289242022 yilning 23 oktyabrida Qirg‘izistonda Kampirobod suv omborining O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqqan 22 kishi hibsga olingandi. Ushbu Kampirobod ishida ayblanayotgan olti nafar shaxs tergov hibsxonasida ochlik e’lon qildi. Bu haqda “AKIpress” xabar berdi.
Qirg‘izistonning Malayziyadagi sobiq elchisi Azimbek Beknazarov, siyosatchi Jenishbek Moldokmatov, mamlakat Prezidentining Talas viloyatidagi sobiq muxtor elchisi Aybek Buzurmanqulov, Xavfsizlik kengashining sobiq kotibi Keneshbek Duyshebayev, faollar Marat Bayazov va Aydanbek Akmatovlar tergov hibsxonasida saqlanmoqda.
Hibsga olinganlar norozilik belgisi sifatida ochlik e’lon qilgani, chunki prokuratura va tergov organlari ularning huquqlarini qo‘pol ravishda poymol etganini aytgan.
Qayd etilishicha, ularning hibsxona xodimlariga nisbatan hech qanday shikoyatlari yo‘q. Ayblanuvchilarning sog‘lig‘i qoniqarliligi hamda ular shifokor nazoratida ekani ma’lum qilingan.
Aniqlanishicha, ularning sud jarayoni shu yilning 5 sentyabriga qoldirilgan.
Gap shundaki, hibsga olingan shaxslar “Kampirobodni himoya qilish qo‘mitasi”ni tuzishda qatnashgan. Ular O‘zbekiston tomoni suv omborini o‘z ixtiyoriga olganidan so‘ng davlatlar o‘rtasidagi shartnoma majburiyatlarini bajarmasligi mumkinligi, suv ombori hududi hech qachon mamlakatlar o‘rtasida tortishuv ob’ekti bo‘lmaganini iddao qilib, shuning uchun bu yerlarni O‘zbekistonga topshirish to‘g‘ri emas, deb hisoblagan.
Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Kampiroboddagi mitinglar ortida kim turgani haqida ma’lumotlarga egaligini aytdi.
Hibsga olingan shaxslar orasida bir qator qirg‘izistonlik siyosatchilar va hukumat idoralarining sobiq xodimlari bor. Jumladan, parlament sobiq deputati Asiya Sasikbayeva, Konstitutsiyaviy sudning sobiq a’zosi Klara Sooronkulova, MSK sobiq a’zosi Gulnora Juraboyeva, sobiq deputat Kubanichbek Kadirov, Qirg‘izistonning Malayziyadagi sobiq elchisi Azimbek Beknazarov va o‘nlab muxolifatchilar hibsga olingan. Ularning barchasi mamlakatda tartibsizliklar uyushtirish ishi bo‘yicha tergov doirasida 48 soatga Bishkekdagi vaqtinchalik hibsxonaga jo‘natilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yilning 30 noyabr kuni O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda ikki davlat o‘rtasida muammo bo‘lib kelgan Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarni imzolagandi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq O‘zbekiston o‘z hududiga Andijon (Kampirobod) suv omborining 4957 gektarini hamda to‘g‘onni saqlash va muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektarni oladi. Qirg‘iziston kompensatsiya sifatida 1019 gektar yaylovga egalik qiladi.
LiveBarchasi