Japarov Kampirobod masalasini kovlashtirayotganlarning niyatini aytdi
Olam
−
25 Oktabr 2022
18507Kecha, 24 oktyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Kampirobod suv omborini O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqib, qo‘lga olingan shaxslar yuzasidan “Kabar” axborot agentligiga intervyu berdi. U so‘ngi ikki yil davomida muxolifat va jamoatchilik vakillari bilan aynan chegara masalasida faol muloqot qilib kelganini aytdi.
“So‘ngi ikki yil davomida hamma bilan suhbat o‘tkazdim, maslahatlashdim. Shu yilning bahorida o‘ndan ortiq nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillarini kabinetimga taklif qilib, ular bilan uch soat suhbatlashdim. Ular biz amalga oshirayotgan ishlardan qoniqish hosil qilishdi. Kampirobod masalasi ommaga oshkor bo‘lishidan oldin men bir qator deputatlarni, jumladan Adaxon Madumarovni ham Hukumat uyiga taklif qilib, masalani atroflicha tushuntirganman”, deydi u
Shundan so‘ng, Qirg‘iziston rahbari chegara hududlari aholisi bilan uchrashganini ham eslatgan.
“O‘zganga borib aholi bilan uchrashdim. Qolaversa Bishkekdagi hukumat uyida Botken, Chotqol va Ala-Bo‘kalik 300 dan ziyod fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazdik. Kampirobodda “Qurultoy” uyushtirganlarni ham shu yerga taklif qildim. Uchrashuvimiz yetti soat davom etdi, to‘xtovsiz suhbatlashdik. Uchrashuvda fikr almashganimizdan so‘ng ular mamnun qiyofada ketishdi, lekin ular yana o‘z aytganlarida turib olishdi”, deya ta’kidladi Prezident
Japarovning fikriga ko‘ra, Kampirobod suv ombori atrofidagi vaziyat muxolif siyosiy kuchlar uchun shunchaki bahona. Prezident bu masalani yechish uchun ularni og‘zini moylamasligini aytdi.
“Ularning ko‘pchiligi ushbu masala fonida mamlakatda biror voqea sodir bo‘lib ularga ham hokimiyatdan mansab tegishiga umid qilmoqda. Men hibsga olingan shaxslarning oldiga bordim. Ko‘pchilik bilan shaxsan uchrashdim. Ularning aksariyati mendan lavozim so‘radi. Davlat boshqaruvidagi lavozim rezina emas-ki hammaga yetsa. To‘g‘ri, yangi lavozimlarni yaratib, ularni hammaga tarqatib chiqish mumkin. Lekin men davlatning har bir tiyini uchun ham javobgarman. Qanday qilib chiqindilarni sotib olishim mumkin? 7 million xalq oldida har bir tiyin mening bo‘ynimda turibdi. Agar men qo‘rqoq bo‘lganimda, 2010 yildagidek harakat qilib, yangi-yangi keraksiz vazirliklarni ochib, har kimga lavozim taqsimlagan va ularni tinchlantirgan bo‘lardim. Lekin men bu yo‘ldan bormayman. Chunki mening qo‘rqadigan joyim yo‘q. Chunki men hech narsa o‘g‘irlamadim”, deydi Japarov
Shuningdek, Qirg‘iziston Prezidenti hozirda hibsxonada bo‘lganlarni taqdiri qanday bo‘lishi va hammasi qonuniy amalga oshirilishi haqida aytdi.
“Qo‘lga olinganlarning taqdiriga to‘xtaladigan bo‘lsak men bu masalaga aralasholmayman. Bu masala huquqni muhofaza qiluvchi organlar qo‘lida. Ular xalq va davlat xavfsizligi uchun javobgar. Ular o‘z zimmasidagi vazifani amalga oshirishga qodir. So‘ngi nuqtani esa sud qo‘yadi. Ana undan so‘ng ular menga murojaat qilishgan taqdirda menda ularni afv etish huquqi bo‘ladi. Mana bu qonuniy yo‘l”, deya ta’kidladi Qirg‘iziston Prezidenti
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda Kampirobodni himoya qilish qo‘mitasi tuzilib, uyushma tarkibiga siyosatchilar va partiya a’zolari, faollar va manfaatdor fuqarolar kirgan.
23 oktyabr kuni esa Kampirobod suv omborini O‘zbekistonga berilishiga qarshi chiqqan 22 kishi hibsga olingan edi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 26 sentyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘izistonga borib, chegara borasida kelishuvni boshlash to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagandi.
6 oktyabr kuni, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zaro chegaralarni kelishish davomida rasmiy Bishkek bahsli yerlarning 99 foizini olganini va o‘z yerlarini O‘zbekistonga bermaganini aytib chiqdi.
10 oktyabr kuni, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonga jami 19 ming gektardan ortiq yer olib, O‘zbekistonga esa Kampirobod suv ombori akvatoriyasidagi 4485 gektar yer berilishini ma’lum qilgandi. Suv omborini ikki davlat birgalikda boshqarishiga kelishilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi