Bahsli hududlar 99 foiz bizga o‘tkazildi – Japarov O‘zbekiston bilan chegara kelishuvi haqida
Olam
−
06 Oktabr 2022
25260Qirg‘iziston va O‘zbekiston Kampirobod suv omborini birgalikda nazorat qiladi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Facebook’dagi sahifasida yozdi, deb xabar bermoqda qirg‘iz matbuoti.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston bilan chegara bo‘yicha kelishuv tafsilotlari parlamentda ratifikatsiya qilinganidan keyin ma’lum bo‘ladi.
“Xudo xohlasa, tez orada shartnoma imzolanadi va Jogorku Kenesh tomonidan ratifikatsiya qilinadi. Shundan so‘ng chegaraning qaysi uchastkalari bizga o‘tganini e’lon qilamiz. Bir oz kuting. Barcha bahsli hududlar 99 foiz bizga o‘tkazildi. Agar ilgari O‘zbekiston Kampirobod suv omborini nazorat qilgan bo‘lsa, endi teng ulushli qo‘shma korxona tashkil etiladi va biz birgalikda to‘g‘onni boshqaramiz. Biz suv sathini pasaytirdik va o‘zimizga o‘tkazilayotgan 1246 gektar yerni bo‘shatib oldik”, deb yozadi Japarov.
Davlat rahbari qirg‘iz-o‘zbek chegarasi bo‘yicha kelishuvga oid barcha ma’lumotlarni taqdim etganda, xalq rahmat aytishini ta’kidladi.
“Qolgan chegara uchastkalari haqida keyinroq xabar beramiz. Ushbu yangilikni quvonch bilan qabul qiling, sizda hech qanday shikoyat bo‘lmaydi, faqat minnatdorlik bildirasiz. Bir santimetr yer ham berganimiz yo‘q. Aksincha, ular shunday qilishdi. Bizning qarorimiz to‘g‘ri va qirg‘iz xalqi manfaatiga to‘g‘ri kelganini tarix 100 yildan keyin ko‘rsatadi. Qarqirani, To‘rtko‘choni bergan xoin emasmiz. Shuning uchun men qattiq ogohlantiraman: Kampirobod masalasi atrofida xalqni hayajonga solayotganlar insofga kelsin. Huquq-tartibot idoralariga xalqni gijgijlayotganlarga nisbatan qattiq choralar ko‘rishni buyuraman. Va tantiqlikning ham chegarasi bor. Chiziqni kesib o‘tmang”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Sadir Japarov Kampirobod suv omborini saqlab qolish tarafdori bo‘lgan fuqarolarni O‘zgan viloyati hokimligiga taklif qilgan.
“Biz istalgan vaqtda hujjatlarni ko‘rsatishga va ularga hamma narsani tushuntirishga tayyormiz. Kechagi yig‘ilishda sakkiz kishidan tashqari ko‘pchilik bizni qo‘llab-quvvatladi. Albatta, kim qarshi ekanligini va ularning maqsadini bilamiz. Yovuz niyatlaringizdan voz keching”, deb yozadi Prezident.
O‘zbekiston tomoni qo‘shni davlat bilan chegara masalasida qanday kelishuvga erishilgani haqida hozirgacha hech qanday ma’lumot bermagan. Hududlar borasida qanday o‘zgarishlar bo‘layotgani fuqarolar uchun yopiq mavzuligicha qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 sentyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘izistonga borib, chegara borasida kelishuvni boshlash to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagandi.
LiveBarchasi