O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi muammo 100 yildan beri davom etayotgandi – Tashiyev
Olam
−
21 noyabr 2022
10774Qirg‘iziston va O‘zbekiston Prezidentlarining xohish-irodasi va ikki davlat parlamentlari ko‘magida barcha chegara masalalari hal etildi. Bu haqda Qirg‘izistonning “Region TV” telekanali efirida Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi chegaralarning bahsli uchastkalari bo‘yicha savollar yuz yildan ortiq vaqtdan beri hal etilmagan.
“Sovet davrida ham, SSSRdan oldin ham bahsli hududlarimiz bor edi. Bugungi kunda davlat chegarasining ayrim uchastkalarini delimitatsiya qilish bo‘yicha barcha masalalar allaqachon hal bo‘lgan, davlatlarimiz o‘rtasida hech qanday huquqiy masala yo‘q”, deydi Qamchibek Tashiyev.
Uning aniqlik kiritishicha, demarkatsiya jarayonini yakunlash qolgan (delimitatsiyaning yakuniy bosqichi chegaraning o‘zini belgilash hisoblanadi), xolos.
“Ikki Prezident kelishuvni imzolaganidan keyin, Xudo xohlasa, kelasi yili demarkatsiya tartibiga o‘tamiz. Davlat chegarasi bo‘ylab belgilar qo‘yamiz va simni tortamiz”, deya izoh berdi MXDQ rahbari.
U chegara masalalari hal etilishini tarixiy voqea deb atadi va bevosita bu jarayon ishtirokchisi ekanidan faxrlanishini qo‘shimcha qildi.
“Bunday muhim tarixiy jarayonda ishtirok etish men uchun sharaf edi. Biz barcha kerakli hujjatlarni tayyorlab, davlat rahbaridan ruxsat olib, parlamentga taqdim etdik. Bundan shaxsan men davlat xizmatchisi va yurtimning oddiy fuqarosi sifatida xursandman”, deydi Qamchibek Tashiyev.
Uning ta’kidlashicha, turli tasdiqlanmagan dalillar va mish-mishlarga qaramay, kelishuvlar o‘zaro manfaatli shartlar asosida imzolangan.
Ma’lumot uchun, 17 noyabr kuni Jogorku Kenesh O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi. 18 noyabr kuni O‘zbekiston Senati Qirg‘iziston bilan ikki tomonlama shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ham ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.
Qirg‘iziston Respublikasida bir qator faollar va siyosatchilar ushbu hujjatlarning imzolanishiga qarshi chiqdi. Ular Kampirobod suv omborini himoya qilish qo‘mitasini tuzdilar. 23 oktyabrda ommaviy hibsga olishlar boshlandi. Rasmiylar tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblanib, 26 kishini qamoqqa olgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etib, ilk bor "Kampirobod" suv ombori qanday qilib O‘zbekistonga o‘tayotganiga aniqlik kiritgan edi.
Keyinroq 17 noyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti ham o‘zbek-qirg‘iz chegarasining qolgan qismini delimitatsiya qilish hamda Andijon (Kampirobod) suv omborini O‘zbekistonga berish bo‘yicha kelishuvlarni ratifikatsiya qildi.
Ma’lumot uchun, “Kampirobod” suv ombori – Tyan-Shan tog‘ tizmalarining 5 irmog‘idan paydo bo‘luvchi Qoradaryo o‘zaniga qo‘yilgan gidrotexnika inshooti. 1962 yili loyihalashtirilib, 1968-1982 yillarda qurib bitkazilgan bu suv omborining umumiy maydoni – 55 kv km, suv sig‘imi – 1 mld 950 m3 bo‘lib uzoq yillar davomida O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasida talash bo‘lib kelayotgan edi.
LiveBarchasi