Qamchibek Tashiyev korrupsionerlardan olingan mablag‘lar bo‘yicha hisobot bermoqchi
Olam
−
12:53
3623Qirg‘izistonning Jogorku Kenesh yig‘ilishida mamlakatning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev joriy yilning 15-16 dekabr kunlari korrupsionerlardan olingan mablag‘lar yuzasidan jamoatchilikka hisobot taqdim etishini ma’lum qildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
“Odamlarda shunday savollar bor, bilaman. Men sizga hamma narsani aytib beraman, kimdan qancha pul, mol-mulk va boshqalar olingani hamda bu mablag‘lar qayerda ekanligini ham ma’lum qilaman. Tengiz Bolturuk bilan bog‘liq savollarga ham javob beraman”, degan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.
Ma’lumot uchun, Maxsus xizmatlar rahbari Jogorku Kenesh yig‘ilishida birinchi o‘qishda deputatlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etgan edi. Qonun loyihasida korrupsiyada ayblanayotgan shaxsning turmush o‘rtog‘i yoki uning yaqin qarindoshlari og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan yoxud jinoiy ish reabilitatsiya bilan bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra tugatilgan bo‘lsa, korrupsiya jinoyatlaridagi aybdor shaxslarga davlat va munitsipal lavozimlarni egallashni majburiy va umrbod taqiqlash nazarda tutilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev O‘sh shahridagi Valentina Tereshkova nomidagi maktab-internat qurilishiga tashrif buyurar ekan, amaldorlar o‘rtasidagi korrupsiya holatlarini yana tanqid qilgandi. Tashiyevga ko‘ra, Qirg‘izistonda davlat xizmatchilari endi korrupsiyasiz yashay olmaydi. Shu bois u keskin choralar ko‘rmoqda va korrupsiya jinoyatlari uchun jazoni kuchaytirish zarur, deb hisoblaydi. Uning eslatishicha, avvalroq mamlakat Prezidenti Sadir Japarov hokimiyat oldiga eng muhim vazifalardan biri – xavfsizlikni saqlash va korrupsiyaga qarshi kurashni qo‘ygan edi.
LiveBarchasi