Masala 99 foiz bizning foydamizga hal bo‘lgan – Japarov Kampirobod haqida
Olam
−
27 fevral 14782 3 daqiqa
Kecha, 26 fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Yevropa parlamenti inson huquqlari bo‘yicha quyi qo‘mitasining deputatlari delegatsiyasi bilan uchrashuvda “Temirov live” jurnalistlari ishi hamda sud tomonidan oqlangan “kampirobodliklar” haqida qisqacha fikr bildirdi. Uchrashuv videosini NTRK telekanali e’lon qildi.
“Ikki jurnalist qamoqda, yana ikkisiga probatsiya qo‘llandi, yetti nafari oqlangan. Sud ularni oqladi, biz bu qarorga rozi bo‘ldik. O‘zbekiston bilan chegarani hal qilayotganimizda “kampirobodliklar” paydo bo‘ldi. Ular yerni qo‘shni davlatga topshirib yubordik, hukumatning qarori noto‘g‘ri bo‘ldi, deb aytishdi. Ammo aslida aholining 99 foizi masala bizning foydamizga hal bo‘lganini ko‘rdi. Ikkala davlatning manfaatlari hisobga olindi. Lekin, atigi 26 kishi miting o‘tkazib, odamlarni qo‘zg‘olonga chaqirdi va shu sababli hibsga olindi. Sud ularni oqladi. Biz bunga qarshilik bildirmadik”, dedi Sadir Japarov.
Prezident mamlakatda demokratiya va so‘z erkinligi borligini ta’kidlab, ayrim mustaqil OAV u haqida yolg‘on ma’lumot tarqatayotgan bo‘lsa ham, ularni sudga bermayotganini va ulardan millionlab kompensatsiya talab qilmayotganini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 25 fevral kuni Qirg‘iziston Oliy sudi “Temirov live” jurnalistlari Maxabat Tajibek qizi va Azamat Ishembekov advokatlarining kassatsiya shikoyatini ko‘rib chiqib, oldingi instansiya qarorini o‘z kuchida qoldirdi. Unga ko‘ra, jurnalistlar mos ravishda olti va besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Maxabat Tajibek qizi va Azamat Ishembekov 2024 yil yanvar oyida hibsga olingan 11 jurnalist orasida edi. Ularning barchasi jurnalist Bolot Temirov jamoasining amaldagi yoki sobiq a’zolari bo‘lgan. Militsiya ularga Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasi – “Ommaviy tartibsizliklarga chaqiriqlar” bo‘yicha ayblov qo‘ygan.
Kampirobod ishi bo‘yicha
2022 yil 22 oktyabrda Qirg‘izistonda Kampirobod suv omborini himoya qilish qo‘mitasi tuzilgan edi. Uning tarkibiga faollar, siyosatchilar va parlament deputatlari kirgan. 23 oktyabrdan boshlab ommaviy hibsga olishlar boshlangan – 27 kishi ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblanib, qamoqqa tashlangan.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston 2023 yil yanvarida davlat chegarasining umumiy uchastkasini demarkatsiya qilishni yakunladi. Bahsli hududlar bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga ko‘ra, 19 ming gektarga yaqin bahsli hudud Qirg‘iziston tomoniga, 4,5 ming gektar yer O‘zbekistonga, jumladan, 1983 yilda qurilgan Kampirobod (Andijon) suv ombori ham o‘tkazildi. Kelishuvlarga ko‘ra, kelgusida tomonlar uning suv zaxiralarini paritet shartlar asosida boshqaradi.
2024 yil 14 iyunda Birinchi may tuman sudi Kampirobod ishi bo‘yicha 22 nafar ayblanuvchini jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli oqlash to‘g‘risida qaror chiqardi. Ish bo‘yicha qamoqda qolayotgan 8 nafar shaxs sud zalining o‘zidayoq ozod qilindi. Qolganlar ilgariroq uy qamog‘iga yoki kafillik asosida ozod qilingan edi. Yana 5 kishining ishi alohida ishlab chiqishga qoldirilgan.
Live
Barchasi