Kampirobodning O‘zbekistonga o‘tishiga qarshi qo‘mita tuzganlar oqlandi
Olam
−
15 iyun
16637Bishkekning Pervomay tuman sudi Kampirobod suv omborining O‘zbekistonga o‘tkazilishi munosabati bilan ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda ayblanayotgan barcha ayblanuvchilarni oqladi. Bu haqda TASS sud idorasiga tayanib xabar berdi.
“Sudyalar qarori bilan bu ish bo‘yicha barcha ayblanuvchilar oqlandi”, deydi idora vakili.
2022 yil oktyabr oyida Qirg‘izistonning ayrim siyosatchilari, jumladan, milliy parlament deputatlari, sobiq yuqori martabali amaldorlar va taniqli jamoat arboblari ikki davlat chegarasini demarkatsiya va delimitatsiya qilish doirasida Kampirobod suv omborining O‘zbekistonga berilishiga qarshi qo‘mita tuzdi.
Respublika huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘mita a’zosi bo‘lgan 27 nafar shaxs qo‘lga olindi va hibslandi. Ularga ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rish aybi qo‘yilgan. Gumonlanuvchilar ro‘yxatidan respublikaning sobiq bosh prokurori Azimbek Beknazarov, Markaziy saylov komissiyasining sobiq rahbari Mambetjunus Abilov, sobiq deputat va sobiq vazir Ravsha Jeenbekov bor edi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston 2023 yil yanvarida davlat chegarasining umumiy uchastkasini demarkatsiya qilishni yakunladi. Bahsli hududlar bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga ko‘ra, 19 ming gektarga yaqin bahsli hudud Qirg‘iziston tomoniga, 4,5 ming gektar yer O‘zbekistonga, jumladan, 1983 yilda qurilgan Kampirobod (Andijon) suv ombori ham o‘tkazildi. Kelishuvlarga ko‘ra, kelgusida tomonlar uning suv zaxiralarini paritet shartlar asosida boshqaradi.
LiveBarchasi