Qirg‘iziston poytaxtini ko‘chirish taklif qilindi
Olam
−
13:20
13334Qirg‘izistonda poytaxtni Bishkekdan yangi qirilayotgan Asman shahriga ko‘chirish taklif qilindi. Bunday taklifni Qirg‘iziston Jogorku Keneshi yig‘ilishida deputat Baxitbek Maripov ilgari surdi.
Deputat tutunga qarshi kurash masalasini ko‘rib chiqib, o‘z fikrini bildirishga qaror qildi. Uning aytishicha, Bishkekda "ikki boshli hokim paydo bo‘lgan taqdirda ham" u poytaxtdagi tutun va tirbandlik muammosini hal eta olmaydi.
“Issiqko‘l viloyatida Asman shahri qurilmoqda. Buning uchun 10 milliard dollar sarmoya jalb etilmoqda. Bishkekdan temiryo‘lni ko‘chirish uchun esa 550 million dollar talab qilinadi. Va aylanma yo‘l qurilishi bilan birga bu 1 milliard dollardan oshadi”, dedi deputat.
Shuning uchun, uning fikricha, Bishkekni ko‘chirish va Vazirlar Mahkamasini Asmanga joylashtirish kerak. Shunda Baxitbek Maripovning so‘zlariga ko‘ra, tirbandlik bo‘lmaydi.
Qayd etish joiz, 2023 yilning dekabr oyida mamlakat Prezidenti Sadir Japarov mamlakat parlamenti tomonidan qabul qilingan “Qirg‘iziston Respublikasining davlat ramzlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunni imzolagan edi. Qonun asosiy davlat ramzlaridan biri – mamlakat bayrog‘ini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston bayrog‘idagi quyosh nurlarining shakli to‘lqinlidan to‘g‘ri chiziqlarga o‘zgartirilgan.
O‘tgan yili esa Qirg‘iziston parlamenti spikeri Nurlanbek Shakiyev davlat madhiyasi matnini o‘zgartirish zarurligini bildirgan edi. Uning fikricha, madhiya hamma uchun qulay, ritmik bo‘lishi kerak. Shunda barcha fuqarolar yoshidan qat’i nazar uni istalgan vaqtda va vaziyatda oson ijro eta oladi. Prezident Sadir Japarov ham davlat madhiyasini o‘zgartirishni qo‘llab-quvvatladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil noyabr oyida Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat poytaxtini Tehrondan janubiy chegaralarga, Fors ko‘rfazi sohillariga ko‘chirish bo‘yicha ishlar boshlanganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi