Qirg‘iziston ham Shvetsiyada Qur’on tahqirlanishiga munosabat bildirdi

Olam

image

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev Shvetsiya hukumatini musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Qur’onni tahqirlash holatlarining oldini olish choralarini ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda Qirg‘iziston TIV xabar berdi.

Aytilishicha, Kulubayev Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Tobias Billstryom bilan telefon orqali muloqot qilgan. Suhbat Shvetsiya tomonining tashabbusi bilan tashkillashtirilgan.

Vazirlar Qirg‘iziston va Shvetsiya o‘rtasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatdagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Xususan, siyosiy aloqalarni davom ettirish va turli darajadagi o‘zaro tashriflarni tashkil etish muhimligi qayd etilgan.

Billstryom Stokgolmda Qur’onning yoqib yuborilishi bilan bog‘liq vaziyat haqida ma’lumot berib, Shvetsiya hukumatining bu boradagi pozitsiyasini qayd etgan. Kulubayev esa Shvetsiya hukumati odamlarning diniy tuyg‘ulariga ta’sir qiladigan bunday salbiy holatlarning oldini olish choralarini ko‘rishi kerak, degan fikr bildirgan.

Ma’lumot uchun, kecha, 31 iyul kuni iroqlik muhojirlar Salvan Momika va Salvan Najim Stokgolmdagi parlament binosi yaqinida aksiya o‘tkazib, yana Qur’onni tahqirlagan. Bu safar ular muqaddas kitobni tepib, uning bir necha varog‘ini yoqib yuborgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiyada politsiyasining ruxsati bilan aksiya o‘tkazilgan va unda Iroqdan kelgan 37 yoshli muhojir Salvan Momika Qur’on sahifalarini yirtib tashlab, uni yoqib yuborgandi. Bu harakat ko‘pchilik tomonidan, xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham qoralandi. Salvan Momika esa 20 iyul kuni yana Stokgolm politsiyasining ruxsati bilan Iroq elchixonasi yaqinida aksiya o‘tqazdi va musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’on nusxasini tepdi. Keyinchalik Daniya poytaxti Kopengagendagi Iroq elchixonasi oldida ham o‘ta millatchi “Daniyalik vatanparvarlar” guruhi vakillari miting o‘tkazib, Qur’on kitobini yoqib yubordi. Keyinchalik Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Qur’on tahqirlanishini qoraladi.Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi esa Shvetsiya va Daniyada Qur’onni tahqirlash bilan bog‘liq harakatlarni dunyo musulmonlari uchun haqoratomuz, deb atadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi “Nafrat so‘zlariga qarshi kurashish kontekstida dinlararo va madaniyatlararo muloqot va bag‘rikenglikni qo‘llab-quvvatlash” rezolyutsiyasini qabul qildi. O‘zbekiston uning hammualliflaridan biri bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Shvetsiya Qur'on

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing