Qirg‘iz-tojik chegarachilar o‘rtasida yana otishma
Olam
−
11 mart 2022
7308Bugun, 11 mart kuni yana Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari o‘rtasida otishma yuz berdi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXQ) Chegara xizmati (CHX) xabar berdi.
“2022 yilning 11 mart kuni davlat chegarasining qirg‘iz-tojik uchastkasida Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari o‘rtasida navbatdagi otishma sodir bo‘ldi. Botken-Isfana avtomobil yo‘lining Botken viloyatining Eki-Tosh hududidagi qismida Tojikiston Respublikasi chegara otryadi magistral yo‘l bo‘ylab o‘tayotgan avtomashinalarga tosh otishni boshladi. Qirg‘iziston Respublikasi chegara otryadining transport vositalariga tosh otishni to‘xtatish to‘g‘risidagi talabiga Tojikiston chegarachilari e’tibor bermadi. Qirg‘iziston chegarachilari tojik harbiylarining noqonuniy harakatlarini to‘xtatish uchun havoga ogohlantiruvchi o‘q otishga majbur bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Chegara agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojaroga Tojikistonning boshqa chegara otryadi aralashib, “qirg‘iz chegarachilari turgan kuzatuv minorasiga o‘t ochgan”.
Otishma 20 daqiqaga yaqin davom etgan, Qirg‘iziston tomonida qurbonlar va yaradorlar yo‘q.
“Mojaroning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Qirg‘iziston va Tojikiston chegara vakillari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgan, so‘ngra voqea joyida uchrashuv o‘tkazilgan. Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati bo‘linmalari, Davlat chegarasining qirg‘iz-tojik uchastkasida qo‘yilgan harbiy xizmatchilar kuchaytirilgan rejimda xizmat qilishda davom etadilar”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 mart kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatining Teskey hududida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida otishma yuz bergandi. Ikki davlat chegarasining bahsli qismida sodir bo‘lgan otishmada Tojikiston tomonidan bir chegarachi halok bo‘lgan, yana ikki nafari yaralangan.
LiveBarchasi