Qamoqdan chiqqan tadbirkor, so‘roq qilingan hojilar, bo‘shatilgan DIQ rahbariyati va boshqa xabarlar
Jamiyat
−
31 avgust 2019
6368Avgust oyi va yozning so‘nggi kuni ham oxirlab qoldi. Quyida O‘zbekiston va xalqaro maydonda yuz bergan voqealarning eng muhimlariga to‘xtalib o‘tamiz.
“Oltinni ko‘p ushlab turishimiz kerak emas,” — Moliya vaziri o‘rinbosari
O‘zbekistonning xalqaro rezervlardagi puli hozirda 22 mlrd dollarni tashkil etadi. Qayd etilishicha, bu qiymatning yarmi oltin, yarmi valyuta ko‘rinishida. Faqat banklarga depozit qo‘yavermasdan bosqichma-bosqich moliyaviy bozorlarga chiqishni ham yo‘lga qo‘yish kerak.
“Shu orqali depozitlardan ko‘ra ko‘proq foyda olib kelish imkoniyatlari mavjud. Oltinni ham aslida ko‘p ushlab turishimiz kerak emas. Oltin o‘zi ko‘p, u bizga hech qanaqa pul keltirmaydi. Oltinni pul keltiradigan, foiz hisobida foyda keltiradigan narsalarga tikish kerak”, dedi Odilbek Isoqov.
2020 yildan YOI tizimidagi bir qator tashkilotlar yopilishi mumkin
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining o‘tgan vaqt davomida o‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmagan bir qator tashkilotlari optimizatsiya qilinadi hamda tizimda mafkuraviy jihatdan o‘ziga o‘xshagan tashkilotlar bilan birlashtirib yuboriladi.
Bu haqda YOI vakili Nodir Abduqodirov “Yoshlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faol dunyoqarash va mustahkam fuqarolik nuqtai nazarni shakllantirish” mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Prezident Shahidlar xotirasi xiyoboniga bordi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurib, qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi. Qur’on tilovat etilib, xalqimiz ozodligi uchun fido bo‘lgan insonlar haqiga duo qilindi. An’anaga ko‘ra, elga osh tortildi.
Hokim o‘rinbosarini yoqib yuborgan yakkabog‘lik tadbirkor ozodlikka chiqdi
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosarini ustiga benzin sepib yoqib yuborgan tadbirkor Bahriddin Isomov qayta sud-psixologiya ekspertizasi xulosasidan so‘ng kecha, 29 avgust kuni qamoqdan ozod etildi.
Hajdan qaytgan ziyoratchilar nega so‘roq qilindi? DXX izoh berdi (video)
Joriy yilning 29 avgust kuni xorijiy ommaviy axborot vositalarida o‘zbekistonlik ziyoratchilarning bir guruhi Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga qaytganida, Toshkent xalqaro aeroportida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bir necha soat davomida so‘roq qilingani, ularning pasportlari olib qo‘yilgani haqida xabar tarqatdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati shunday mazmundagi xabarlarni rad etuvchi faktlarni keltirdi.
“Sharq taronalari” bosh sovrinini Konservatoriya talabasi qo‘lga kiritdi
Kecha, 30 avgust kuni Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali yakunlandi. 26-30 avgust kunlari dunyo san’at ahlining bosh sahnasiga aylangan Registondagi amfiteatrda “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati lavozimidan ozod etildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita (DIQ) rahbariyati lavozimidan ozod qilindi.
QALAMPIR.UZ manbasining xabar berishicha, qo‘mita raisi Jasur Akromov, rais o‘rinbosari - Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi direktori Nuriymon Abulhasan ishdan olingan.
Eronda raketa portladi
Eronda raketani uchirish muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlandi. Raketa Semnan provinsiyasida joylashgan kosmodrom portlab ketdi. "Naxid-1" sun’iy yo‘ldoshi bo‘lgan raketa Yerdan ko‘tarila olmadi va uchish maydonchasida portladi. Hozirda olimlar guruhi muammo ustida ishlamoqda.
AQSHda futbol matchi fojiali yakunlandi
AQSHning Alabama shtatida maktab futbol jamoalari o‘rtasidagi o‘yin fojiali yakunlandi. Otishma kecha, 30 avgust kuni Mobil shahri Ledd-Pibl stadionidagi futbol matchidan keyin yuz bergan otishma natijasida ikki kishi halok bo‘lgan. Hodisada 15-18 yoshlardagi 10 nafar bola jabrlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Jarohatlanganlarning 5 nafari og‘ir ahvolda.
Bir toifa qonunbuzarlik uchun jarimalar 111,5 mln so‘mgacha oshirildi
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining qator moddalariga o‘zgartirish kiritildi.
Ko‘ksaroyda mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan turli sohalarda faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz va mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan xorijliklarni faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlashga oid farmonni imzolagan edi.
31 avgust kuni Ko‘ksaroyda ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ertaga O‘zbekiston tarixidagi eng katta mushakbozlik namoyishi o‘tkaziladi
Ertaga, 1 sentyabr kuni soat 21:00 da Toshkentda O‘zbekiston tarixida eng baland va eng chiroyli mushakbozlik namoyishi o‘tkaziladi. Mushakbozlikning balandligi 350 metr bo‘lishi qayd etilmoqda. Namoyishda 9 daqiqa davomida 2 723 ta rang-barang yog‘du porlaydi. Mushakbozlik “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyining orqa tomonida amalga oshiriladi.
Putin masjid masalasida Ramzan Qodirovning fikriga qo‘shilmadi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning dunyodagi eng chiroyli masjid haqidagi so‘zlariga qo‘shilmadi.
LiveBarchasi