Qamoqdan chiqqan Atamboyev bayonot berdi
Olam
−
10 Oktabr 2020
24826Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev namoyishchilar oldida chiqish qilib, hokimiyatga intilmayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Atamboyevning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchiga hokimiyat kerak bo‘lganida, u ikkinchi prezidentlik muddatiga ham saylangan bo‘lardi.
“Meni ko‘pchilik, jumladan boshqa davlat Prezidentlari ham ko‘ndirishga urindi. Men atayin hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish uchun namuna bo‘ldim. Atamboyevgi hokimiyat kerak emas. Barcha yoshlar, siz barchangiz mening bolalarimdeksiz. Men 2010 yilda ham vaqtinchalik hukumatga qarshi bo‘lganman, qonunsizlik bo‘lmasligi kerak”, degan u.
Shuningdek, Atamboyev pul tarqatmayotganini ham ta’kidlagan.
“Men endigina qamoqdan chiqdim. Mening rafiqamda Raisaning barcha hisobiga taqiq qo‘yilgan. Mening Raisam 500 som qarz oldi”, degan Atamboyev.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonda parlament saylovidan keyin boshlangan namoyish vaqtida ozodlikka chiqarilgan Atamboyev Bishkekda “Forum” binosi oldida o‘tkazilayotgan norozilik aksiyasiga qo‘shilgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.
Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.
O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.
LiveBarchasi