Bishkekka harbiy kolonna keldi (video)
Olam
−
09 Oktabr 2020
23452Qirg‘iziston poytaxti Bishkekka To‘qmoqdan BTR kolonnasi va boshqa harbiy texnikalar keldi. Bu haqda guvohlar ma’lum qildi.
“24.kg” nashri e’lon qilgan videoda harbiy kolonna To‘qmoqda joylashgan quruqlikdagi qo‘shinlarning “Chayon” maxsus harbiy bazasidan Bishkekka tomon ketayotganini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, ayni shu kolonna To‘qmoq yaqinidagi “Gavayi” kafesi oldidan Bishkekka tomon ketayotgani aks etgan video ham e’lon qilingan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston Prezidenti Bishkekda favqulodda holat e’lon qilib, poytaxtga harbiylarni kiritishga ko‘rsatma berdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.
Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.
O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.
LiveBarchasi