Qamalgan otaning alimentdan 100 mln so‘mlik qarzi qoplab berildi

3-sahifa

image

Jinoiy javobgarlikka tortilgan otaning aliment bo‘yicha 100 mln so‘mdan ortiq qarzi Aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan qoplandi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, farg‘onalik ayol Ombudsmanga murojaat qilib, o‘zining sobiq turmush o‘rtog‘i tomonidan uzoq yillar davomida aliment to‘lamasdan kelinayotganini ma’lum qilgan. Aliment to‘lovchiga nisbatan ikki marotaba ma’muriy va bir marotaba jinoiy javobgarlik choralari qo‘llanilgan bo‘lsa-da, aliment majburiyatlari bajarilmagan. Ombudsman qarzdorning jinoiy javobgarlikka tortilganligini hisobga olib, aliment qarzdorligini Aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan undirib berish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi MIBga murojaat qilindi. 
MIB ma’lumotiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudining 2024 yil 9 dekabrdagi hukmiga asosan qarzdor T.R. aybli deb topilib, unga jinoyat oqibatida yetkazilgan 107,6 million so‘m zararni qoplash hamda 1 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

“Ombudsman murojaatidan so‘ng, 2025 yil 18 aprel kuni Davlat aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan 107,6 million so‘m mablag‘ undiruvchining bank plastik kartasiga o‘tkazib berilgan”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, davlat ijrochisi jamg‘arma hisobidan qoplangan aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdordan ushbu mablag‘larni Davlat aliment jamg‘armasiga qaytarish yuzasidan belgilangan tartibda ijro harakatlarini amalga oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada aliment to‘lashdan qochib, parda ortiga yashiringan ota qamalgandi. O‘tgan yili Qashqadaryoda aliment to‘lamasdan qochib yurgan erkak uyidagi ko‘rpalar tagidanNamanganda va Surxondaryoda uy yerto‘lasidan, Xorazmda tovuq fermasidan, Farg‘ona shahrida tungi klubdanAndijonda xolasining va Buxoroda buvisining uyidan topilgandi. Shuningdek, ilgariroq Surxondaryo viloyatida voyaga yetmagan bir farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan ota ukasining nikoh to‘yida ushlangandi. Andijon viloyatida esa aliment to‘lashdan qochib yurgan ota o‘z uyining qurilishi tugallanmagan hududida shifer ortidan topilgan. Qolaversa, Toshkent shahar Yunusobod tumanida uch nafar farzandini moddiy ta’minlashdan qochib yurgan ota oxir-oqibat qidiruv orqali devor ortidan topilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

aliment

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing