Jalolov va Do'smatov qachon havaskor boksdan ketadi?
Sport
−
12 Oktabr 2023
9153Xitoyning Xanchjou shahri mezbonlik qilgan Osiyo o‘yinlari O‘zbekiston uchun tarixiy natija bilan yakunlandi. 22 ta oltin 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 medal. O‘zbekiston o‘z tarixida medallar sifati va soni bo‘yicha Osiyo o‘yinlaridagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Ayniqsa kurash, dzyudo, baydarka va kanoeda eshkak eshish, yengil atletika, boks va badiiy gimnastika kabi sport turi vakillari o‘zlariga bildirilgan ishonchni ortig‘i bilan oqladi. Musobaqalarda O‘zbekistondan eng ko‘p oltin medal kutilgan erkaklar boks terma jamoasi ba’zi jabhalarda xatoliklarga yo‘l qo‘ydi.
To‘lqin Qilichev murabbiyligidagi boks terma jamoasi 7 ta vaznda medallar uchun kurash olib bordi. O‘zbekistonlik ishqibozlar bokschilarning har biridan medal kutdi, kutganda ham oltin medal, biroq oxirgi yillarda Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham boks sport turining rivojlanayotgani, o‘zbekistonlik bokschilarga yaxshigina raqobat tug‘dira oladigan sportchilarning ko‘payib qolgani mazkur Osiyo o‘yinlarida o‘z tasdig‘ini topdi. Erkaklar jamoasi 3 ta oltin va 1 ta bronza medal bilan bahslarni yakunlab, ushbu sport turida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi, lekin natijadan jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev to‘liq qoniqish hosil qilgani yo‘q.
Hatolar yetarlicha. Toshkentda o‘tkazilgan Jahon chempionatida yuqori natijalarni qayd etgan sportchilar Osiyo o‘yinlarida negadir o‘ziga o‘xshamadi. Buning esa sabablari bisyor. Misol uchun -63,5 kg da jahon chempioni Ruslan Abdullayev, -71 kg vaznda yana bir jahon chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va -92 kg da JCH sovrindori Lazizbek Mullajanovning musobaqani medalsiz yakunlashi baribir boks mutasaddilarini biroz sergaklikka chorlashi kerak.
-80 kg vaznda ishtirok etgan yosh bokschi To‘rabek Habibullayev esa turnirning haqiqiy kashfiyoti bo‘ldi, garchi u hakamlarning bahsli qarori bilan yarim finalda mezbon sportchiga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa ham, o‘zbek sporti ishqibozlari yodida ajoyib bokschi sifatida yodda qoldi.
-51 kg da Hasanboy Do‘smatov, -57 kg vaznda Abdumalik Xalokov va +92 kg da Bahodir Jalolov Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi. 23 yoshli Xalokovning hali havaskor boksda isbotlashi kerak bo‘lgan natijalari ko‘p. Xalokovdan Parij-2024 Olimpiadasining ham oltin medali kutilmoqda
Garchi yaxshi natijalarga erishayotgan bo‘lsa ham, ko‘pgina e’tirozlarga sabab bo‘layotgan bokschilar Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘smatov hisoblanadi. Endi ularning havaskor boksdagi titullari soni to‘liq ko‘rinishga keldi. Jalolov va Do‘smatovning sovrin jamg‘armasiga Osiyo o‘yinlarining oltin medali yetishmayotgandi.
Bahodir Jalolov Xanchjou Osiyo o‘yinlarining final jangida qozog‘istonlik azaliy raqibi Qamshibek Ko‘nkabayev bilan to‘qnash keldi va jangning 3-raundida raqibiga ustunlikni berib qo‘ydi. Ma’lum bo‘lishicha, jangdan oldin “Big uzbek”ning sog‘ligida muammolar kuzatilgan.
Hozircha o‘zbekistonlik uch nafar bokschi, ya’ni Osiyo o‘yinlari g‘oliblari Parij Olimpiadasi yo‘llanmasini naqd qildi. Qolgan bokschilar endi shu yil Busto-Arsitsioda o‘tkaziladigan jahon litsenzion turnirida va Bangkokdagi musobaqada Olimpiada yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi. O‘ylaymizki, boksdagilar Parij Olimpiadasigacha optimal tarkibni shakllantiradi va Parijda Tokio-2020 ssenariysi takrorlanmaydi.
LiveBarchasi