Istanbul muzokaralari doirasida mingdan ortiq ukrainalik ortga qaytarildi
Olam
−
24 iyul 2025 3284 2 daqiqa
Istanbul tinchlik muzokaralari doirasida Ukraina Rossiyadan 1000 dan ortiq mahbusni qaytarib oldi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 24 iyulga o‘tar kechasi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Bugun Istanbulda kelishilgan almashinuvning to‘qqizinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Og‘ir kasal va og‘ir yaralangan himoyachilar uylariga qaytishmoqda. Endi biz tafsilotlarni baham ko‘rishimiz mumkin: yaqinda Istanbul kelishuvlarining barcha bosqichlarida mingdan ortiq vatandoshlarimizni qaytarishga muvaffaq bo‘ldik”, deydi u.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ming oila uchun bu o‘z yaqinlarini yana bag‘riga olish quvonchini anglatadi.
“Men bu ishga hissa qo‘shgan barchaga minnatdorlik bildiraman. Bugun qaytib kelgan jangchilar turli frontlarda Ukrainani himoya qilishdi. Ularning ko‘plari asirlikda uch yildan ortiq vaqt o‘tkazdilar. Har biriga zarur ko‘mak va tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Muhimi, almashinuvlar davom etishi, xalqimiz vataniga qaytishi”, deya davom etdi Prezident.
Zelenskiy ushbu muhim vazifa ustida ishlashda davom etgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.
“Butun xalqimizning qaytishi davlatimiz uchun ustuvor vazifadir. Biz esa har bir yurtdoshimizning asirlikdan qaytishini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz”, deya xulosa qildi Ukraina Prezidenti.
Ma’lumki, 2 iyun kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning ikkinchi raundi bo‘lib o‘tgandi. Tomonlar og‘ir yaralangan askarlar va 25 yoshgacha bo‘lgan asirlarni almashish, shuningdek, urushda halok bo‘lgan 6000 nafar harbiy xizmatchilarning jasadini bir-biriga topshirishga kelishib oldi.
Shundan so‘ng, bir qator harbiy asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi – xususan, 9, 10, 12, 19, 20, 26 iyun va 4 iyul kunlari. Shu bilan birga, o‘liklarning jasadlarini almashtirish davom etmoqda.
Live
Barchasi