Istanbul yana e’tiborda. Rossiya-Ukraina muzokaralarining 2-raundi boshlandi (video)
Olam
−
02 iyun 4586 2 daqiqa
Bugun, 2 iyun kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasida olib borilayotgan muzokaralarning ikkinchi bosqichi Istanbul shahrining Chirag‘an saroyida boshlandi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ikki tomon o‘rtasidagi uchrashuvga Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan raislik qilmoqda. Qolaversa, muzokaralarda Turkiya tomonidan Milliy razvedka tashkiloti rahbari Ibrohim Kalin ham ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda ishtirok etayotgan Rossiya delegatsiyasiga Prezident Vladimir Putinning maslahatchisi Vladimir Medinskiy, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin, Mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin va Bosh shtab Bosh boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov kirgan.
Ukraina tomonidan esa Mudofaa vaziri Rustam Umarov, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Kislitsa, Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Aleksandr Poklad hamda Tashqi razvedka xizmati rahbari o‘rinbosari Oleg Lugovskiy vakillik qilmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 16 may kuni Istanbulda o‘tgan birinchi turda tomonlar 1000 nafar mahbusni o‘zaro almashish va ehtimoliy sulh jarayoniga oid hujjatlar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishgandi.
Yangi bosqichda ayni shu yo‘nalishlar bo‘yicha chuqurlashtirilgan muhokamalar olib borilishi va ishonchni mustahkamlashga doir aniq qadamlar qo‘yilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilib, Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlanganidan so‘ng tinchlikka erishish yo‘lidagi keyingi qadam davlat rahbarlari darajasidagi uchrashuv bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi. O‘z navbatida Ukraina Prezidenti ushbu muzokaradan ham aniq natija kutayotgani yo‘q. Masalan, u o‘z Telegram-kanalida Rossiya delegatsiyasi uchrashuvlarga hech narsa tayyorlamagani va past darajadagi tarkib bilan ishtirok etayotgani haqida yozgandi.
Live
Barchasi