Rossiya Istanbulga maqsadsiz bormoqda – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani Turkiyadagi muzokaralarga nima uchun borayotganini bilmaslik va muzokaralarga beparvolik qilayotganlikda aybladi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi. 

Zelenskiyga ko‘ra, hozirda Ukraina Yevropa va AQSHdagi hamkorlar bilan keyingi qadamlar qanday bo‘lishini muhokama qilmoqda.

“Hozirda Yevropadagi hamkorlarimiz bilan birgalikda va ayniqsa, AQSHdagi hamkorlarimiz bilan yangi diplomatik qadamlar uchun tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Aslida, diplomatiyani mazmunli qilishga qodir har kim bilan deyarli har kuni aloqadamiz”, deya yozgan Ukraina rahbari.

Shuningdek, u Rossiya vakillari uchrashuvlarga hech qanday jiddiy tayyorgarlik ko‘rmayotgani va hattoki navbatdagi Istanbul muzokaralarida Rossiya nima taqdim qilishni ham bilmasligini yozgan.

“Hozirgacha rossiyaliklar Istanbulga aniq nima olib kelishni rejalashtirayotgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Bizda yo‘q, Turkiyada yo‘q, AQSHda yo‘q, boshqa hamkorlarda ham yo‘q. Uchrashuvlar Rossiya vakillari tomonidan jiddiy qabul qilinmayapti”, deya yozgan Zelenskiy.

Qolaversa, Zelenskiy bu masala yaqinda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan muhokama qilinganini ham aytib o‘tgan.

“Dunyodagi hamma diplomatiya ishlashini va haqiqiy to‘xtov yuz berishini xohlaydi. Hamma Rossiya diplomatiyasi bilan o‘yin o‘ynamasdan urushni to‘xtatishini istaydi. Hamma jiddiy tinchlikni xohlaydi va Rossiya ham bunga rozi bo‘lishi shart. Bu uchrashuvlarning asosiy kun tartibi bo‘lishi kerak. Biz allaqachon o‘z kun tartibimizni taqdim etdik. Umid qilamizki, amerikaliklar sanksiyalar masalasida qat’iylik ko‘rsatib, tinchlikka yaqinlashishga yordam beradi”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 16 may kuni Rossiya va Ukraina delegatsiyalari so‘nggi uch yildan ortiq vaqtdan beri birinchi marta to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazdi. Istanbulda bo‘lib o‘tgan uchrashuv o‘t ochishni to‘xtatish masalasi bo‘yicha hech qanday natija bermay yakunlandi, biroq tomonlar katta miqdorda mahbuslarni almashish bo‘yicha kelishib oldi va bu allaqachon amalga oshdi. Ikki tomonlama uchrashuvlarning navbatdagi bosqichi ertaga, 2 iyun kuni Istanbul shahrida bo‘lishi rejalashtirilgan. Tomonlar katta ehtimol bilan ushbu muzokaralarda ham eski delegatsiya tarkibi bilan ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilib, Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlanganidan so‘ng tinchlikka erishish yo‘lidagi keyingi qadam davlat rahbarlari darajasidagi uchrashuv bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi. Anqara bayonotiga ko‘ra, suhbat davomida Erdo‘g‘an Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralarning ikkinchi bosqichida o‘t ochishni to‘xtatish masalasi muhokama qilinishi mumkinligini qayd etar ekan, bu jarayon tinchlik harakati uchun muhim bosqich bo‘lishini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing